O‘zbekistonda temir yo‘l, havo va avtomobil transportini yagona tizimga birlashtirish hamda elektron chiptalarga kamida 20% chegirma berish taklif etilmoqda.

Shuningdek, 2030-yildan ayrim yo‘nalishlarda naqd pulda to‘lovni bekor qilish rejalashtirilgan. Transport vazirligi bu bo‘yicha qaror loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.

Loyihaga muvofiq, 2028-yildan boshlab temir yo‘l, aviaqatnovlar, avtobuslar va shahar jamoat transporti yo‘nalishlari, harakat jadvali, narxlari hamda bo‘sh o‘rinlari haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi “Bir yo‘l” yagona milliy raqamli transport platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Platforma orqali safarni “eshikdan eshikkacha” rejalashtirish, yagona buyurtma va to‘lov asosida elektron chipta hamda transfer xizmatlarini rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha shahar atrofi poyezdlari, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslarda elektron chipta sotib olgan yo‘lovchilarga kamida 20% chegirma berish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, 2030-yil 1-yanvardan esa ushbu yo‘nalishlarda yo‘l haqini faqat naqdsiz shaklda to‘lash tizimiga o‘tish ko‘zda tutilgan.

Strategiyada 2030-yilgacha mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchi tashish hajmini 2 mlrd nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Shuningdek, temir yo‘l vokzallari, aeroportlar va avtovokzallarni bog‘lovchi 20 ta jamoat transporti yo‘nalishini tashkil etish hamda yo‘lovchi vagonlari sonini 650 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Hujjat loyihasida Toshkent, Nukus va viloyat markazlaridagi jamoat transportida elektrobuslar ulushini 30% ga yetkazish nazarda tutilgan.

Shuningdek, mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanadigan elektr poyezdlar sonini 30 taga oshirish hamda 58 ta avtovokzal va avtostansiyani qurish yoki rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Qaror loyihasi muhokamasi 11-noybargacha davom etadi.


Avvalroq Spot 2027-yil Toshkent — Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi haqida yozgandi.