Raqobat qo‘mitasi Uklon UB kompaniyasini raqamli platformalar operatorlari orasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Uklon UB — Ukrainaning Uklon taksi agregatorining O‘zbekistondagi yuridik shaxsi hisoblanadi. Nazorat organining qaroriga ko‘ra, kompaniya yo‘lovchilarni tashish (taksi) bo‘yicha buyurtmalarni joylashtirishga vositachilik qilish (agregatorlik) xizmatlari va taksi xizmatlarini ko‘rsatish bozorida ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.
Ustun mavqega ega bo‘lgan bozor ishtirokchilarining o‘z mavqeini suiiste’mol qilishining oldini olish maqsadida kompaniyada monopoliyaga qarshi komplayens tizimi majburiy ravishda joriy etiladi. Ushbu tizimni tashkil etish monopoliyaga qarshi qonunchilikda nazarda tutilgan.
Uklon kompaniyasining O‘zbekistonda faoliyat boshlash rejalari 2023-yil aprel oyida ma’lum bo‘lgan. O‘shanda kompaniya mamlakatda bir nechta bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilgan.
Platforma 2023-yil iyun oyida Toshkentda ish boshlagan. So‘nggi oylarda esa Farg‘ona vodiysidagi beshta shahar — Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijonda bosqichma-bosqich faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Oktabr oyi o‘rtalarida Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlari bozoridagi vaziyat va ular belgilayotgan narxlarni o‘rganish rejalari haqida ma’lum qilgan. Qo‘mita Yandex Go xizmatida yuzaga kelgan texnik nosozliklar fonida tig‘iz soatlarda tariflar oshganini qayd etgan. Bu esa jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan.
Hukumatning tegishli qaroriga asosan, raqamli platformalar tarmoq samarasi mavjud bo‘lganda, shuningdek, quyidagi ikkita mezonlardan biri bajarilganda ustun mavqega ega deb e’tirof etiladi:
- sotuvdan tushgan yillik tushum BHMning 100 ming baravariga (41,2 mlrd so‘m) teng yoki undan yuqori;
- har oyda kamida 50 ming faol yakuniy foydalanuvchilar yoki har oyda 3 ming faol tadbirkor foydalanuvchilar.
Shuningdek, ma’lum bir bozorda 40% dan ortiq ulushga ega bo‘lgan platformalarga, foydalanuvchilar sonidan qat’i nazar, maqom beriladi. Bu har uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi.
Ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan operatorlarga raqobatni cheklashga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi. Xususan, ular tadbirkorlarga platformadan tashqarida foydalanuvchilar bilan kelishishni taqiqlashga haqli emas.
Platforma bilan raqobat qiluvchi tadbirkorlarning ma’lumotlaridan ularning ruxsatisiz foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, raqobatchilardan mahsulotlarni sotish yoki sotib olishni cheklash, o‘z tovarlari va xizmatlarini foydalanuvchilar yoki uchinchi shaxslarning takliflariga nisbatan foydaliroq shartlarda ilgari surish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, foydalanuvchilarni tashqi ilova va xizmatlarni o‘rnatish imkoniyatidan mahrum qilish taqiqlanadi. Xizmatlar sifatini asossiz pasaytirishga yoki boshqa xizmat ko‘rsatuvchi provayderga o‘tish imkoniyatini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yil boshida Payme raqamli platforma operatorining ustun mavqeini tan olingandi. Bunga asos sifatida Payme’ning Raqobat qo‘mitasiga xabarnomasi taqdim etilgan.
Aprel oyida tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Uzum Tezkor ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi. Mayda esa Raqobat qo‘mitasi Click’ni ustun mavqega ega deb topgan edi.
2024-yil oktabrida Raqobat qo‘mitasi Yandex Eats va Express24 raqamli platforma operatorlarining ustun (monopol) mavqeini tan olgandi.
Shu bilan birga, dekabr oyida Uzbekistan Airways va Silk Avia ustun mavqega ega deb topilgandi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi Yandex Market reklamasi bo‘yicha ishni Uzum Market foydasiga hal qilgani haqida yozgandi.