5-avgustdan Uklon taksi agregatori Farg‘ona vodiysi hududlarida ish boshlaydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qildi.

Xizmat bosqichma-bosqich vodiyning beshta shahrida — Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijonda yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi bosqichda kompaniya haydovchilarni ilovaga ulaydi, shundan so‘ng qatnov va yetkazib berish xizmatlariga buyurtma berish imkoniyatini ochadi.

Yil oxirigacha yangi shaharlardagi haydovchilar uchun pasaytirilgan komissiya amal qiladi.

Haydovchilar Uklon Driver ilovasi orqali mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tib, platformaga ulanishlari mumkin bo‘ladi. Zarurat tug‘ilganda, kompaniya mutaxassislari ularga Driver Care qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali ulanish masalalari bo‘yicha maslahat beradi.

Barcha beshta shahardagi foydalanuvchilar Layt va Komfort tariflaridan foydalana oladi. Andijon, Farg‘ona va Marg‘ilonda ular uchun Tezkor qidiruv funksiyasi ham mavjud bo‘ladi.

Uklon Uzbekistan bosh menejeri Eduard Kovtun Farg‘ona vodiysida ish boshlashni “hududiy rivojlanishning muhim bosqichi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik shaharlarning yaqin joylashuvi va ular o‘rtasidagi aholi harakatining doimiyligi kompaniyaning ushbu qaroriga ta‘sir ko‘rsatgan.

“Biz bir yo‘la beshta shahardan boshlayapmiz va Uklon Toshkentda qanchalik tushunarli hamda qulay servisga aylangan bo‘lsa, bu yerda ham foydalanuvchilar va haydovchilar uchun shunday xizmatni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, — dedi Kovtun.

Iyul oyida Spot‘ga bergan intervyusida Uklon bosh direktori Sergey Grishkov kompaniya ayni paytda bor e‘tiborini Toshkentga qaratganini va “diqqat markazini undan olib qochish” niyati yo‘qligini aytgan edi. Shu bilan birga, jamoa doimiy ravishda yangi shaharlarga kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Grishkov o‘rtacha chek Uklon va taksi bozoridagi boshqa ishtirokchilar uchun muhim ko‘rsatkich ekanligini ta‘kidladi. Uning aytishicha, hududlarda bu ko‘rsatkich Toshkentdagiga qaraganda ancha past — shu sababli haydovchilar ko‘pincha ko‘chadan topilgan yo‘lovchilarni foydaliroq deb bilib, ilovalardagi buyurtmalarni qabul qilishdan bosh tortadi.

“Umuman olganda, narxni oshirish eng ommabop yechim emas. Biroq ba‘zan biroz ko‘proq to‘lash evaziga safarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lish muhimroq. Bundan tashqari, agregator orqali ishlash xavfsizlik, nazorat, haydovchilarni tekshirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va foydalanuvchi uchun muhim bo‘lgan boshqa ko‘plab afzalliklarni beradi. Hududlarda esa bu tizimni hali shakllantirish kerak”, — degan edi u.

Shu bilan birga, u O‘zbekiston hududlarida ishga tushishni “aniq istiqbol” deb atadi va “yaqin orada” u yerda Uklon yoki uning raqobatchilari paydo bo‘lishiga ishonch bildirgandi.

Spot, avvalroq, WB Taxi xizmati Buxoroda ham ish boshlagani haqida yozgandi.