2026-yilning yanvar-sentabr oylarida davlat xaridlarida qonunchilik talablarini buzish bilan bog‘liq 18 788 ta holat aniqlandi. Ularning umumiy summasi 10,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Hisob palatasi ma’lum qildi.
Aniqlangan qonunbuzilishlarning eng katta qismi davlat korxonalariga to‘g‘ri keladi. Ushbu tashkilotlarda 3 913,6 mlrd so‘mlik (38,5%) holatlar qayd etilgan. Transport va avtomobil yo‘llari sohasida 2 958,2 mlrd so‘mlik (29,1%), mahalliy davlat hokimiyati organlarida esa 699,7 mlrd so‘mlik (6,9%) qonunbuzilishlar aniqlangan.
Transport va avtomobil yo‘llari sohasidagi holatlarning 1 823,2 mlrd so‘mi avtomobil yo‘llari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, energetika sohasida 540,9 mlrd so‘m, ta’lim va ilm-fanda 384,3 mlrd so‘m, ekologiya sohasida 299,9 mlrd so‘m hamda suv xo‘jaligida 286,4 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlangan.
Shu bilan birga, ro‘yxatda quyidagi sohalar ham bor:
- qurilish — 285,3 mlrd so‘m (2,8%);
- tog‘-kon sanoati va geologiya — 249,1 mlrd so‘m (2,5%);
- sud organlari — 247,6 mlrd so‘m (2,4%);
- sog‘liqni saqlash — 191 mlrd so‘m (1,9%);
- davlat banklari — 52,6 mlrd so‘m (0,5%);
- sport — 34,1 mlrd so‘m (0,3%);
- madaniyat — 16,4 mlrd so‘m (0,2%).
Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jami 4,8 trln so‘mlik hujjatlar yuborilgan. Jumladan, davlat korxonalari bo‘yicha 3 913,6 mlrd so‘mlik, ta’lim va ilm-fan sohasi bo‘yicha 384,3 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatidagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi bo‘yicha 156,5 mlrd so‘mlik materiallar taqdim etilgan.
Transport, suv xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarining mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Hisob palatasining avvalroq e’lon qilgan ma’lumotiga ko‘ra, 222,3 mlrd so‘mlik holatlar bo‘yicha mansabdorlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi uchta viloyatda 25 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlarni aniqlagani haqida yozgan edi.