Raqobat qo‘mitasi Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy qiymati 25 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlarni aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Jizzax viloyatida umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasida 588,3 mln so‘mlik, viloyat ixtisoslashtirilgan san‘at maktab-internatida 333,1 mln so‘mlik, silga qarshi kurash dispanserida 420 mln so‘mlik hamda Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta‘limi bo‘limida 183,1 mln so‘mlik xaridlarda qonun talablari buzilgan.

Xususan, ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgani va talabgorlar noto‘g‘ri baholangani aniqlangan. Holatlar yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Mas‘ullarga nisbatan ma‘muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

Sirdaryo viloyatida Issiqlik elektr tarmoqlarining Sirdaryo IES filialida 22,5 mlrd so‘mlik tender savdolarida “Raqobat to‘g‘risida"gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunlar talablari buzilgani aniqlangan.

Hududiy boshqarma holat yuzasidan ish qo‘zg‘atib, majburiy ko‘rsatma bergan.

Farg‘ona viloyatida esa Marg‘ilon shahar Obodonlashtirish boshqarmasining qariyb 1,2 mlrd so‘mlik hamda Buvayda tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining 275 mln so‘mlik xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangan.

Har ikki holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Mansabdor shaxslarga nisbatan ma‘muriy ishlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etilgan.

Aprel oyida 21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangandi.

Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi WB Taxi bo‘yicha shikoyatlarni o‘rganayotgani haqida yozgandi.