Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi Toshkentning Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on ko‘chasida ko‘p qavatli turar joy majmuasini qurayotgan “B.D.” MChJ faoliyatini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, kompaniya har bir qurilish bosqichi uchun davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan, biroq xulosalardagi talablarning ko‘pini bajarmagan.

Qurilish maydonining kirish-chiqish yo‘llarida yuk mashinalari g‘ildiraklarini yuvish uchun maxsus postlar qurilmagan. Natijada loy va tuproq Jarqo‘rg‘on ko‘chasi bo‘ylab 2−2,5 km masofaga yoyilgan. Loy qurigach, havoga kuchli chang ko‘tarilmoqda.

Kompaniya eski binolarni buzishdan hosil bo‘lgan 126 188,9 tonna chiqindi va kotlovan qazishdan chiqqan 368 432 tonna tuproq qayerga olib ketilgani haqida hujjat taqdim eta olmagan. Hududda esa 12 036 tonna maishiy va qurilish chiqindisi belgilanmagan joyda to‘plab qo‘yilgan.

chiqindi, daraxtlarni kesish, ekologiya, ekopolitsiya, qonun buzilishi, qurilish, toshkent

Shuningdek, kompaniya 50 tup archa va 1 tup chinorni kesish uchun ariza bergan, biroq Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi bunga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, 51 tup daraxt ruxsatsiz, noqonuniy yo‘q qilingan.

Bundan tashqari, kompaniya “Yashil makon” dasturi bo‘yicha hududning kamida 25% ini ko‘kalamzorlashtirish va uglerod neytralligi rejasini ishlab chiqish majburiyatlarini ham bajarmagan.

Atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni noqonuniy joylashtirganlik uchun kompaniyaga 5,18 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Kesilgan daraxtlar uchun esa 396 mln so‘m zararni qoplash belgilandi.

chiqindi, daraxtlarni kesish, ekologiya, ekopolitsiya, qonun buzilishi, qurilish, toshkent

Kompaniyaga kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan, jami 5100 tup ko‘chat ekish va ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklatildi. Kompaniya rahbariga 4,4 mln so‘m ma’muriy jarima solindi.

Shuningdek, kompaniyaga changning oldini olish choralarini darhol ko‘rish, chiqindilarni olib chiqish va “Ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot” loyihasini 10-dekabrgacha ekspertizadan o‘tkazish topshirildi.

Avvalroq Spot Toshkentda 720 dan ortiq ko‘p qavatli uy ruxsatsiz qurilgani haqida yozgan edi.