Shavkat Mirziyoyev Navoiyuran va O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining 2026-yildagi vazifalari hamda kelgusi rejalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

2030-yilgacha uran ishlab chiqarish hajmini joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 15 ming tonnaga, aniqlangan zaxiralarni esa 200 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda aytilishicha, so‘nggi yillarda jahonda uran xomashyosiga talab 15−20% ga oshgan. 2030-yilgacha esa yana 28% ga o‘sishi kutilmoqda.

2026-yilda Navoiyuran geologiya-qidiruv va burg‘ulash ishlarini kengaytirishi, qo‘shimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirishi va 250 ta yangi ish o‘rni yaratishi rejalashtirilgan.

Prezident ishlab chiqarishda muqobil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish va 2030-yilgacha sulfat kislotasi o‘rnini bosuvchi reagentlar ulushini 40% ga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati hozirda volfram, molibden, selen, tellur va reniy ishlab chiqaradi. Kombinatga ularga qo‘shimcha ravishda nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganes, platina, vanadiy, simob va mis ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

2030-yilgacha 16 turdagi muhim metallar ishlab chiqarish hajmini $2,7 mlrd dan oshirish rejalashtirilgan.

Volframni chuqur qayta ishlash loyihalariga $1,1 mlrd investitsiya jalb qilinadi. Natijada 2030-yilga borib bu yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmi qariyb $2,2 mlrd ga yetishi kutilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar kombinatda 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish va yuqori soflikdagi selen hamda tellur ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda aytilishicha, jahonda an’anaviy metallarga talab yiliga o‘rtacha 1% ga, kritik minerallarga talab esa 10% ga oshmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda 2030-yilgacha muhim minerallarni ishlab chiqarishga $4,2 mlrd investitsiya yo‘naltirilishi haqida xabar berilgandi.