Qishloq xo‘jaligi vazirligi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda piyoz narxi oshgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, 2026-yilda mamlakat bo‘yicha 1,5 mln tonna piyoz yetishtirish rejalashtirilgan. Bu aholi iste’moli uchun belgilangan me’yordan 400 ming tonna yoki 35% ko‘p.

Surxondaryo viloyatida joriy yilning to‘qqiz oyida 387,1 ming tonna piyoz yetishtirilgan. Uning 120 ming tonnasi aholi iste’moliga sarflangan, 46 ming tonnasi eksport qilingan, qolgan qismi esa boshqa hududlarga yetkazilgan.

Viloyatning tuproq-iqlim sharoiti piyozni, asosan, erta muddatlarda — aprel-may oylarida yetishtirishga moslashgan. Avgust-sentabrda urug‘dan, oktabr-noyabrda esa “to‘qsonbosti” usulida piyoz urug‘i va ko‘chati ekiladi. Aholi uylarida qisman fevral-martda ham piyoz ekilib, avgust-sentabrda hosil olinadi.

Yozgi yuqori haroratning salbiy ta’siri sababli oktabr-noyabr oylarida pishib yetiladigan kechki piyoz katta maydonlarda kam ekiladi.

Ayni paytda 2026-yil hosilidan qolgan piyoz dalalarda mavjud emas. Shu sababli viloyat bozorlariga mahsulot Jizzax va Samarqanddan olib kelinmoqda.

Transport xarajatlari va ustamalar

Hozir Jizzax dehqonlarida piyozning xarid narxi 1 kg uchun 2 600−3 300 so‘m, Samarqandda esa 2 800−3 000 so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu viloyatlardan Surxondaryoga mahsulot tashish xarajati har bir kilogramm uchun 350−370 so‘mga tushadi. Masalan, 10 tonna yukni tashish 3,8−4 mln so‘m, 20 tonnasi esa 7 mln so‘mgacha tushmoqda.

Transport xarajatlarini qo‘shganda, piyozning tadbirkorlar uchun yetkazib berish tannarxi Jizzaxdan olib kelinganda 2 950−3 650 so‘mni, Samarqanddan olib kelinganda 3 150−3 350 so‘mni tashkil etmoqda. Denov tumaniga yetkazilganda esa bu ko‘rsatkich 3 400−3 500 so‘mga yetadi. Surxondaryo bozorlarida piyozning chakana sotuv narxi 1 kg uchun 4 000−4 500 so‘m atrofida shakllangan.

Vazirlik tahlillariga ko‘ra, ayrim holatlarda mahsulotning xarid va yetkazib berish tannarxi bilan sotuv narxi o‘rtasidagi farq 9,6% dan 52,5% gacha yetmoqda.

Shuningdek, 2025-yil noyabridan 2026-yil oktabrigacha bo‘lgan davrda mamlakat bo‘yicha 1 kg piyozning o‘rtacha chakana narxi 2 552 so‘m bo‘lgan. O‘rtacha hosildorlik gektariga 35 tonnani tashkil etadi. Unga 65,5 mln so‘m xarajat sarflanadi, natijada 1 tonna piyoz yetishtirish tannarxi 1,87 mln so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Jami xarajatlar tarkibi quyidagicha:

  • mehnat haqi va unga qo‘shimcha to‘lovlar — 26,5 mln so‘m (40,5%);
  • mineral o‘g‘itlar va kimyoviy himoya vositalari — 15,8 mln so‘m (24%);
  • urug‘lik yoki ko‘chat xaridi — 9,6 million so‘m (14,7%);
  • mexanizatsiya xizmatlari va yoqilg‘i-moylash materiallari — 8,2 mln so‘m (12,5%);
  • yer va suv solig‘i, umumiy ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar — 5,4 mln so‘m (8,3%).

“Piyoz narxining oshishiga mahsulot yetishtirishning mavsumiy xususiyati, boshqa viloyatlardan tashib kelish bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan, yoqilg‘i-moylash materiallari narxining hamda transport-logistika xizmatlari qiymatining yuqoriligi kabi omillar ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, olib-sotar tadbirkorlarning savdo marjasi 25% dan 50% gacha yetayotgani ham narx shakllanishida muhim omillardan biri bo‘lmoqda.

Zaxiralar shakllantirilmoqda

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat bo‘yicha 2026−2027-yillar qish-bahor mavsumi uchun 102,8 ming tonna piyoz zaxirasini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Shundan 2 750 tonnasi Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va vodiy viloyatlarida piyozni dalalardan yig‘ib olish davom etmoqda. Zaxiradagi mahsulotlarni ichki bozorga chiqarish va maxsus savdo rastalarida arzonlashtirilgan narxlarda sotish imkoniyati mavjud. Bu piyoz narxini barqaror saqlash va uning asossiz oshishining oldini olishga xizmat qilishi qayd etildi.

Vazirlik piyoz narxini spekulyativ harakatlar orqali sun’iy ravishda oshirishga urinayotgan ayrim shaxslar va tadbirkorlarni ogohlantirmoqda.

“Dehqon va tadbirkorlarni mahsulotni qimmatroq sotish maqsadida bozorga chiqarmasdan ushlab turishga undash iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Chunki piyoz ma’lum muddat saqlanishi natijasida vaznini yo‘qotishi, sifati buzilishi va mahsulot egasining zarar ko‘rishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, piyoz narxining oshishiga mahsulotni zaxiralash maqsadida xarid qilishga bo‘lgan talab ham ta’sir ko‘rsatayotgani bildirildi.

Avvalroq Spot prezident Qashqadaryoda chorvachilik, baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish orqali mahsulotlar narxini pasaytirishni topshirgani haqida yozgan edi.