O‘zbekiston Turkmaniston bilan chegaradagi “Olot” chegara o‘tkazish punktining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
4-noyabr kuni Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, O‘zavtoyo‘l raisi Jamshid Tursunov va O‘zsuvta'minot rahbari Ahmad Suvankulov chegara o‘tkazish punktiga tashrif buyurdi. Mansabdorlar punkt faoliyati bilan tanishib, avtotransport vositalarining o‘tishini tezlashtirish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Yanvar-oktyabr oylarida “Olot” orqali 243 mingdan ortiq avtomobil o‘tgan. Bu 2022-yilga nisbatan 2,3 baravar ko‘p. Har kuni punkt orqali ikki yo‘nalishda 1200 tagacha avtomobil harakatlanadi.
Transport vazirligi chegara o‘tkazish punkti infratuzilmasini zamonaviy talablarga muvofiq modernizatsiya qilish zarurligini qayd etdi. Amaldagi tashkiliy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish va transport oqimini boshqarishni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Vaziyatni tahlil qilish davomida yuk tashishni soddalashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va transport vositalarining chegara orqali uzluksiz o‘tishini ta’minlash masalalari ham ko‘tarildi. O‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi.
Xususan, Turkmaniston tomoni COVID-19 pandemiyasi davrida joriy etgan “qayta tirkash mexanizmi"dan voz kechish va an’anaviy tashish tizimiga qaytish taklif etilmoqda.
Hozirda bir mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan yuk tirkamalari (pritseplar) tyagachlardan ajratilib, boshqa mamlakat avtomobillariga ulanmoqda. Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu mexanizmni bekor qilish ortiqcha nazorat tartib-taomillarini qisqartirish va transport harakatini tezlashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, joyida ikki mamlakatning chegara hududlaridagi neytral zonalarini bog‘lovchi “Yomonjar” kanali orqali yangi ko‘prik qurish taklifi o‘rganildi. U hozirda foydalanilayotgan, 1978-yilda qurilgan eskirgan inshoot o‘rnini egallashi kerak.
Yangi ko‘prik har bir yo‘nalishda yuk avtomobillari harakati uchun kamida ikkita qatnov qismiga ega bo‘ladi. Uning qurilishi yuk tashishni tezlashtirish, chegara hududidagi tirbandliklarni kamaytirish hamda yengil avtomobillar va piyodalar harakati uchun qulaylik yaratish imkonini beradi.
Tegishli davlat organlari tashabbuslarni o‘rganib, ular bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishi kerak. Shundan so‘ng takliflar yuqori darajada ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Avvalroq Spot 9-noyabrdan O‘zbekistondan Qozog‘istonga yuk tashishda kafolat puli joriy etilishi haqida yozgandi.