Ozon marketplace’i 2027-yil oxirigacha butun O‘zbekiston bo‘ylab buyurtmalarni topshirish punktlari (BTP) tarmog‘ini ikki baravar kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Spot’ga kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

3-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar uchun birinchi COME ON Forum’da marketplace mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari taqdim etilgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” vitrinasi hamda loyihasini taqdim etdi.

U O‘zbekiston va Rossiyadagi xaridorlarga o‘zbekistonlik brendlar mahsulotlarini topish imkonini beradi. Loyihaga mamlakatda ishlab chiqarish quvvatlariga ega tadbirkorlar qo‘shilishi mumkin.

Bundan tashqari, Ozon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Hujjatni Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Muhammadsaidov va Ozon’ning MDH mamlakatlaridagi rahbari Natalya Boer imzoladi.

Tomonlar to‘qimachilik, kiyim-kechak, trikotaj, charm buyumlar va poyabzal ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini O‘zbekiston va Rossiya bozorlarida ilgari surishda yordam berishni rejalashtirmoqda. Tadbirkorlar uchun bepul o‘qitish, birgalikdagi reklama va shaxsiy menejerlar ko‘zda tutilgan.

Ozon O‘zbekiston bozoriga 2023-yilda kirib kelgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda marketpleysning aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan qariyb to‘rt baravar oshgan, faol xaridorlar soni esa deyarli 3,5 baravar ko‘paygan.

Iyun oyida Ozon O‘zeltехsanoat uyushmasi bilan ham platformaga chiqishda o‘zbekistonlik elektronika va maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha memorandum imzolagan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning o‘n oyi davomida platformadagi o‘zbekistonlik sotuvchilarning aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb besh baravar oshgan.


Avvalroq Spot elektron tijoratga oid shikoyatlarning yarmi Uzum bilan bog‘liqligi haqida yozgandi.