The Coffee xalqaro qahvaxonalar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda. Bu haqda Spot’ga mamlakatdagi master-franshiza egasi bo‘lgan Silk Road Capital Holdings kompaniyasi ma’lum qildi.
Shu hafta Toshkentda tarmoqning birinchi filiali — Seoul Mun majmuasida ish boshlaydi. Texnik ochilish 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi, ikki kundan so‘ng — 7-noyabrda esa brendning rasmiy ochilish marosimi o‘tkaziladi.
The Coffee 2018-yilda Braziliyada aka-uka Karlos, Aleksandre va Luis Fertonanilar tomonidan tashkil etilgan. Sakkiz yil ichida tarmoq 30 dan ortiq mamlakatda 400 ta filialgacha kengaydi.

Foto: thecoffee.jp
Silk Road Capital Holdings franshiza kompaniyasi rahbari Qodirjon Norov Spot’ga The Coffee tarmog‘ini mahalliy bozorda rivojlantirish rejalari haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, Seoul Mun majmuasidagi filial birinchi bo‘ladi, biroq u asosiy filial sifatida ko‘rilmaydi.
Qahvaxonalar ochish uchun joylarni qidirish 2026-yil bahorida boshlangan. Kompaniya poytaxtning bir nechta hududlaridagi, jumladan, Taras Shevchenko va Shota Rustaveli ko‘chalari, C-1 mavzesi, Ekopark hamda Tashkent City yaqinidagi joylarni ko‘rib chiqqan. Biroq ijara xarajatlarining yuqoriligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan.
“Kerakli o‘lcham, format va budjetga mos maydonni topish unchalik oson bo‘lmadi”, — dedi Norov.
Kompaniya yangi filiallar uchun joylarni qidirishni qishda, ijara narxlari pasayishi kutilayotgan paytda qayta boshlashni rejalashtirmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan hududlardan tashqari, The Coffee’ni Tashkent City Mall’da ochish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Brancha buyurtma qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan bitta filialni ochish uchun investitsiyalar 1 mlrd so‘mga baholanmoqda. Master-franshiza qiymati oshkor qilinmayapti.
2027-yilda Silk Road Capital Holdings to‘rtta yangi filial ochishni rejalashtirmoqda. Toshkentdagi ikkita filial kompaniyaning o‘zi tomonidan boshqariladi, yana ikkitasi esa hududlarda franshiza asosida ochiladi.
Norovning ma’lum qilishicha, master-franshiza shartnomasi hududlarni taqsimlashni nazarda tutadi. Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivada kompaniya tarmoqni mustaqil rivojlantiradi, boshqa shaharlardagi qahvaxonalar esa franshiza asosida ishlaydi.

Foto: thecoffee.jp
The Coffee tarmog‘i asoschisi Karlos Fertonani brendning mahalliy bozorga kirib kelishini “xalqaro ekspansiya va rivojlanayotgan bozorlardagi mavqeni mustahkamlash rejasining strategik qadami” deb atadi. U Markaziy Osiyo mamlakatlarining faol rivojlanayotgani va bu hududlarda yosh auditoriya mavjudligini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda dastlabki bosqichdagi strategiya mamlakatning eng yirik shaharlari va shahar markazlarida rivojlanishni, kelajak uchun mustahkam operatsion infratuzilma yaratishni nazarda tutadi”, — dedi tarmoq rahbari.
Fertonanining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi loyiha kompaniyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda barqaror o‘sishga qaratilgan strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. 2030-yilga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan 20 ta qahvaxonani ochish maqsad qilingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va boshqa bozorlarga kirib kelishda brend mahalliy madaniy xususiyatlarga moslashtiriladi. Shu bilan birga, kompaniya qahvaxonalarda qo‘llaniladigan texnologik jarayonlar va foydalaniladigan qahva donlarining sifatini nazorat qiladi.
“Madrid, San-Paulu, Dubay yoki Toshkentda mehmonlarimiz oladigan tajriba doimo yuqori darajada bo‘lishi va yagona standartlarga mos kelishi uchun biz butun ta’minot zanjirini nazorat qilamiz: ishlab chiqaruvchi hamkorlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan tortib, qahva donlarini standartlashtirilgan jarayon asosida qovurishgacha”, — dedi tadbirkor.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda gastronomik turizm uchun “marketpleys” ishga tushirilishi haqida yozgandi.