Samarqand — Buxoro yo‘nalishida sement-beton qoplamali pulli avtomobil yo‘li qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Yangi yo‘l ikki shahar o‘rtasidagi safar vaqtini hozirgi 5 soatdan 1,5 soatgacha qisqartirishi kutilmoqda.
Shuningdek, bu yo‘nalishda tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasi qurish ham ko‘zda tutilgan.
Mas’ullarga avtomobil va temir yo‘l loyihalarining master-rejalarini yakunlash va hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash topshirildi. Loyihalarning qiymati va qurilish muddatlari ma’lum qilinmagan.
Joriy yilda Buxoro orqali o‘tadigan A-380 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanadi. Kelasi yil esa M-37 yo‘lining viloyat hududidagi 69 km qismini yangilash ishlari boshlanadi. Qiymati $200 mln bo‘lgan bu loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 km uzunlikdagi aylanma yo‘l ham quriladi.
Shuningdek, Buxoroda $300 mln lik yangi aeroport qurilmoqda.
Aeroport bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
Aeroportni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li quriladi. Shuningdek, avtobuslar uchun 5,5 km uzunlikdagi BRT yo‘lagi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Aeroport va unga olib boradigan yo‘lni Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish topshirildi.
Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda. Kelasi yil Malayziya, Indoneziya, Quvayt, Misr va Bahrayn bilan ham aviaqatnovlarni boshlash topshirildi.
Ta’kidlanishicha, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan hamkorlikda $385 mln lik ichimlik suvi va kanalizatsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichi uchun yana $248 mln jalb qilinadi.
Natijada 1,7 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 775 ming kishi esa kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov darajasi 80% dan 95% ga oshadi.
“Buxoro iqtisodiyotiga, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlar olib kiradigan $30 mlrd lik yangi tashabbuslar bilan kelganmiz”, — dedi prezident.
Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li qurilishi belgilangan. Loyiha qiymati $1 mlrd ga baholangan bo‘lib, yo‘l Samarqand, Navoiy hamda Buxoro viloyatlaridan o‘tadi. Jarayonlarni 2027−2030-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Turkiyaning IC İçtaş İnşaat kompaniyasi Samarqand — Buxoro tezyurar pulli yo‘li qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Bu bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan anglashuv memorandumi imzolangan.
Avvalroq prezident ushbu yig‘ilishda Buxoroda 2000 km ichki yo‘l va 266 ta ko‘prik ta’mirga muhtoj ekanini ta’kidlagani haqida xabar berilgandi.