Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, viloyat iqtisodiyoti bu yil ilk bor 100 trln so‘mlik marradan oshishi, iqtisodiy o‘sish esa 10,1% ni tashkil etishi kutilmoqda. O‘tkazilgan so‘rovda buxoroliklarning 98% i so‘nggi yillarda hayot sifati yaxshilanganini bildirgan. Tadbirkorlarning 83% i esa kelgusi uch yilga ijobiy kutilma bilan qaramoqda.

Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyotining 43% i tabiiy resurslar sanoati va qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi o‘n yilda xizmatlar sohasining iqtisodiyotdagi ulushi 33% dan 36% ga oshgan.

Prezident viloyat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, sanoatda chuqur qayta ishlashni rivojlantirish va har bir tumanning o‘sish nuqtalarini aniqlash zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida ko‘rsatkichlarni 1,5 baravar oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda Toshkent shahri, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari xalqaro Fitch reytingini olgani ham misol sifatida keltirildi. Buxoro ham investorlar uchun ochiq va ishonchli hudud sifatida o‘z salohiyatini namoyon qilishi lozimligi qayd etildi.

Buxoro viloyatidan 99 ming nafar fuqaro mehnat migratsiyasida. Xorijdan qaytgan 24 ming kishi hali ish topmagan. Viloyatda ishsizlar soni 40 mingga yaqin, yana 270 ming nafar aholining daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.

“Bundan buyon „kambag‘al oila qolmadi“ degan hisobot o‘tmaydi”, — dedi prezident.

Mas’ullarga xorijda kam ish haqi evaziga ishlayotgan yurtdoshlarni kasbga o‘qitish va yuqori daromadli ishlarga joylashtirish topshirildi. Shuningdek, 270 ming nafar aholining daromadini o‘rtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha tumanlar kesimida rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda to‘qqiz oyda kambag‘allik darajasi 5,8% dan 3,6% gacha pasaygani haqida yozgan edi.