Shavkat Mirziyoyev Qorovulbozor tumanidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurib, qiymati $328 mln bo‘lgan modernizatsiya loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirish va yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni kengaytirishni nazarda tutadi.

Loyiha doirasida naftani gidrotozalash va izomerizatsiya qilish uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu ekologik jihatdan Yevro-5 standartiga mos keladigan AI-92 va AI-95 markali benzin ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, xomashyoni fraksiyalarga ajratish va og‘ir qoldiqlarni chuqur qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Natijada zavodning xomashyoni qayta ishlash quvvati yiliga yana 2,5 mln tonnaga oshib, 5 mln tonnaga yetadi.

Qayd etilishicha, bu ichki bozor ta’minotini mustahkamlash va eksportni ko‘paytirish imkonini berishi kutilmoqda.

Yanvar-sentabr oylarida korxona 12,1 trln so‘mlik 1,36 mln tonna neft mahsulotlari ishlab chiqargan. Mahsulot va xizmatlar eksporti $99,5 mln ni tashkil etgan.

Yil oxirigacha ushbu ko‘rsatkichni $116 mln ga yetkazish rejalashtirilgan. Zavodda 3,2 mingdan ortiq mutaxassis ishlaydi.

Avvalroq loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) ishlab chiqilgani, shuningdek, oktabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezidentning roziligi va Kompleks ekspertiza markazining xulosasi olingani haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Spot Tekhnochem yiliga 180 ming tonna neft mahsulotlarini eksport qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.