Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda O‘zbekneftgaz faoliyatini takomillashtirish, xaridlar va ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga qaratilgan ikkita qaror qabul qilindi.
Taqdimotda ushbu qarorlarning ijrosini ta‘minlash, tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari hamda yil yakunigacha amalga oshirilishi mo‘ljallangan tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 3D seysmik razvedka ishlarining hajmi o‘tgan yilga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda.
Yil boshidan beshta yangi gaz koni ochildi, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilangan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burg‘ilash reja qilingan.
Istiqbolli maydonlarni, ayniqsa Ustyurtning katta chuqurlikdagi qatlamlarini o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish hamda mavjud quduqlar samaradorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.
Ushbu maqsadlarda burg‘ilash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, jarayonlarga zamonaviy texnologik yechimlarni olib kirish muhim ahamiyatga ega.
Shu sababli hozirda Ustyurt hududida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlarni burg‘ilash, geofizik ma‘lumotlarni qayta tahlil qilish hamda gaz qazib olish samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.


Taqdimotda O‘zbekneftgaz va uning tasarrufidagi yirik korxonalarning moliyaviy natijalari ham tahlil qilindi. Joriy yilning 9 oyi yakuni bilan korxonalarning jamlangan sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sgan, kredit portfelini maqbullashtirish natijasida esa qarzdorlik kamaygan, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish orqali foiz xarajatlarini tejashga erishilgan.
Taqdimot doirasida gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirishga doir loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda yangi magistral gaz quvurlarini qurish, kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish kabi tadbirlar qamrab olinadi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarini ishga tushirish gaz yetkazib berish barqarorligini oshirish hamda yiliga 125 mln kub metr gaz tejash imkonini beradi. Shu munosabat bilan ularni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Spot avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan buyon gaz, neft, ko‘mir va gaz kondensati qazib olish kamaygani haqida yozgandi.

