“Energetika” Muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi (CDC “Energia”) Markaziy Osiyoda pilot qisqa muddatli elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tender e’lon qildi.

Tanlov doirasida ushbu bozorni yaratish va yuritish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadigan kompaniya tanlanadi.

Loyiha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni qamrab oladi hamda Jahon banki moliyalashtirayotgan REMIT — Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori integratsiyasi va savdosi loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Loyihaning asosiy maqsadi to‘rt davlat o‘rtasida pilot elektr energiyasi bozorining ishlashini tartibga soluvchi zarur huquqiy kelishuvlar va hujjatlarni tayyorlash, savdo platformasini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, elektr energiyasi savdosi bo‘yicha hisob-kitob tizimini yaratishdan iborat.

Tanlangan konsalting kompaniyasi bozorni ishga tushirish uchun zarur tizimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, platforma ishga tushirilgach, pilot bozor faoliyatini 24 oy davomida xizmat sifatida yuritishi ko‘zda tutilgan. Buyurtmachi talab qilgan taqdirda, bu muddatni keyingi yillarga uzaytirish imkoniyati ham mavjud.

Tender hujjatiga ko‘ra, loyihani amalga oshirish 2027-yil may oyida boshlanishi kutilmoqda. Tizimni ishlab chiqish va joriy etish uchun shartnoma imzolanganidan boshlab 18 oy ajratiladi.

Shundan so‘ng pilot bozorning amaliy faoliyatini yuritish bo‘yicha 24 oylik xizmat ko‘rsatish bosqichi boshlanadi.

Bozorni kelgusida yangi savdo mahsulotlari, boshqa ishtirokchilar va davlatlar hisobiga kengaytirish imkoniyati ham loyiha doirasida nazarda tutilgan.

Konsalting kompaniyalaridan elektr energiyasi bozori dizayni, savdo birjalari, savdo va hisob-kitob platformalarini yaratish hamda bozor faoliyatini yuritish bo‘yicha kamida besh yillik tajriba talab etiladi.

Tenderda qatnashish uchun takliflar 2026-yil 30-noyabr, Toshkent vaqti bilan soat 15:00 ga qadar qabul qilinadi.


Avvalroq Spot gazlashtirilmagan hududlarda noyabr oyi elektr to‘lovlari 350 kVt·soat lik me’yor asosida hisoblanishi haqida yozgandi.