O‘zbekiston Avstraliya mehnat bozoriga chiqish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi ko‘magida Avstraliya Shimoliy hududi vakillari bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar ilk bor o‘zbekistonlik mutaxassislarni Avstraliya mehnat bozoriga jalb etish bo‘yicha amaliy muzokaralarni boshladi.

Xususan, Avstraliyaning malakali kadrlarga, jumladan, neft va gaz sohasida mavjud ehtiyoji, O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan va qonuniy tartibda ishga jalb etish mexanizmlari, ularni xalqaro talablar asosida kasbiy va til jihatidan tayyorlash hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda Migratsiya agentligi va Kasbiy ta’lim agentligi vakillari ham ishtirok etib, mamlakatning kadrlar salohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, ikki davlat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida ilk bor konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya 1,5 yillik migratsiya dasturini ishga tushirishi haqida yozgandi.