O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya va mobillik sohasida pilot dasturni ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Agentlik direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov 9-noyabr kuni Shvetsiya Migratsiya agentligi (Migrationsverket) bosh direktori o‘rinbosari Annika Gottberg bilan muzokara o‘tkazdi. Unda Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Xusanov, Prezident Administratsiyasi vakillari va diplomatlar ham ishtirok etdi.

Muzokaralarda tashkiliy mehnat migratsiyasini va qonuniy ishga joylashish mexanizmlarini rivojlantirish hamda Shvetsiya mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda malakali mutaxassislar tayyorlash muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni texnikumlar negizida Shvetsiya ish beruvchilarining ehtiyojlariga yo‘naltirilgan maqsadli o‘quv dasturlarini ishga tushirish imkoniyatini o‘rganishni taklif qildi. Tashabbus doirasida shved tilini o‘qitish ham rejalashtirilgan.

O‘quv jarayoniga va nomzodlarning ko‘nikmalarini baholashga Shvetsiyadan mutaxassislar jalb qilinadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda shved tili bo‘yicha test markazini ochish istiqbollarini ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.

migratsiya, migratsiya agentligi, shvetsiya, xorijda ish

Yana bir ustuvor mavzu taxminan 18 oyga mo‘ljallangan migratsiya va mobillik sohasidagi pilot hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘ldi.

Shvetsiya tomoni o‘zbekistonlik delegatsiyani mamlakatdagi mehnat migratsiyasi tizimining xususiyatlari bilan tanishtirdi. U yerda xorijiy mutaxassislar asosan ish beruvchilarning talabidan kelib chiqib ishga olinadi, ishga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni esa kompaniyalarning o‘zi qabul qiladi.

2025-yilda Shvetsiya xorijliklarga qariyb 30 ming ishlash uchun ruxsatnoma bergan. Eng talab yuqori yo‘nalishlar qatorida IT va dasturlash, muhandislik va texnik mutaxassisliklar qayd etildi.

Uchrashuvda ruxsatnomalar berishda shaffoflikni oshirish, mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish, insofsiz vositachilarga qarshi kurashish va ish sharoitlari haqida ishonchli ma’lumot berish masalalari ham muhokama qilindi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar pilot dasturni amalga oshirish va soha mutaxassislari o‘rtasida texnik uchrashuvlar tashkil etishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Hamkorlikning keyingi yo‘nalishlari loyihaning boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq Spot Toshkentda xorijda ishlashga tayyorlovchi Intil markazi ishga tushgani haqida yozgan edi.