2026-yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadda jami 11 622 103 nafar xorijlik tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

O‘n oy davomida mamlakatga turistik maqsadlarda 11,62 mln nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 19,4% ga yoki qariyb 1,9 mln kishiga ko‘p. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 50% ga oshgan edi.

Shu bilan, sayyohlar soni yil yakunigacha belgilangan 12 mln lik maqsadning qariyb 97% iga yetdi.

Safarlar soni bo‘yicha Qirg‘iziston fuqarolari yetakchilik qilmoqda — 3,18 mln kishi (+13,6%). Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston — 2,7 mln kishi (+17,5%). Kuchli uchlikdan Tojikiston ham joy oldi — 2,55 mln safar (+16,1%).

Uch qo‘shni davlat fuqarolari jami sayyohlarning 72,6% ini tashkil etdi.

Rossiyalik sayyohlar soni 29,6% ga oshib, 1,1 mln nafarga yetdi. Afg‘onistondan esa yil boshidan buyon 432,7 ming kishi tashrif buyurgan (+11,5%).

Xitoylik sayyohlar soni qariyb ikki baravar oshdi. O‘n oyda Xitoyning 430,3 ming fuqarosi mamlakatga tashrif buyurdi. O‘tgan yilning shu davrida bu raqam 217,7 ming bo‘lgan. Natijada Xitoy reytingda Turkmanistonni ortda qoldirib, 6-o‘ringa ko‘tarildi.

Turkiyadan yana 169,6 ming sayyoh tashrif buyurdi (+14,5%). Kuchli o‘nlikni 50,8 ming kishi bilan Germaniya yakunladi. O‘tgan yili bu o‘rinda 41,6 ming sayyoh bilan Janubiy Koreya turgan edi.

Yil boshidan buyon kuchli o‘nlikdagi ikki davlatdan kelgan sayyohlar soni kamaygan. Turkmanistondan 289,9 ming kishi (−6,1%), Hindistondan esa 64,3 ming kishi (−2,7%) tashrif buyurgan.

Avvalroq Spot Buxoroga keladigan xorijlik sayyohlar sonini 7 mln ga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.