16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqand shahrida 9 gektar maydonda yangi Ipak yo‘li muzeyini barpo etish rejasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, muzey ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy san’at, amaliy san’at materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlarni birlashtiradi.
Muzeyda doimiy va vaqtincha ko‘rgazmalar uchun ekspozitsiyalar, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazi, katta hajmli saqlov xonalari ham tashkil qilinadi.
Taqdimotda aholini madaniyat muassasalariga keng jalb qilish, ularning mazmun-mohiyati va ish uslubini yangilash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu bois, mamlakatdagi 839 ta madaniyat markazini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish, binolarini yangilash, faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilish, bu borada jozibadorlikni oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. 2030-yilga qadar madaniyat sohasiga 1 trln so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
San’at sohasida iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni quyi sinflardan maqsadli o‘qitish, o‘qish joyida yashab ta’lim olishi va ijod bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish muhim vazifa sifatida belgilandi. Andijon yoshlar simfonik orkestri hamda Tumor raqs ansambli faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.
Mediamakonda milliy kontentlarni ko‘paytirish, sun’iy intellektdan oqilona foydalangan holda milliy madaniyat haqida ma’lumotlar bazasini kengaytirib borish zarurligi ta’kidlandi.



Shuningdek, nodavlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularga loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratib borish tizimi joriy etilishi belgilandi.
Shu yil boshidan O‘zbekistonga 3 mlnga yaqin sayyoh kelib, o‘sish 37% ga, turizm xizmatlari eksporti esa 48% o‘sib, $1,1 mlrdga yetdi. 2030-yilgacha 20 mln xorijiy sayyohni jalb qilish, 2026-yilda esa 12 mln turistga xizmat ko‘rsatish maqsad qilingan.
Endilikda har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, uning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha manzilli dasturlarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va sohani loyihaviy boshqaruv asosida tashkil etish choralari ko‘rib chiqildi.
Xususan, 2026−2027-yillarda hududlarda 31 ta master-rejani amalga oshirishni boshlash, 40 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish, joylashtirish vositalari sonini 8 250 taga, turizm qishloqlari va mahallalarining umumiy sonini 84 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Yangi sayyohlik mahsulotlarini shakllantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator mexanizmlar ko‘zda tutilgan.
Xorijiy turistlarni jalb qilishga qaratilgan targ‘ibot xarajatlarining 25% gacha, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan qismi qoplab berilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, turistlar uchun madaniy-ommaviy va sahnalashtirilgan tomoshalarni tizimli yo‘lga qo‘ygan xususiy tadbirkorlarni rag‘batlantirish, servis sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida amaliy o‘quv kurslarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Taqdimotda mamlakat turizm salohiyatini xalqaro bozorda keng targ‘ib qilish bo‘yicha yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, ularni aniq hisob-kitob va rejalar asosida amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi 50 ta yirik korxonada sanoat turizmi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edi. Korxonalarda xavfsiz marshrutlar, muzey va shourumlar yaratiladi, ishtirokchilarga esa reklama va soliq bo‘yicha imtiyozlar berilishi rejalashtirilmoqda.


