Avvalroq Spot Energetika vazirligi elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining so‘nggi yillarda uchinchi marta oshirilishini birinchi marta ochiq tushuntirgani haqida yozgandi.
“Huquqiy nigoh” podkasti boshlovchisi Sevara Urinbayeva vazirlik vakillaridan nima uchun fuqarolarni mobil qurilmalarda elektr energiyasi o‘chirilishi haqida oldindan SMS-xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani haqida so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar ko‘pincha elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida ma’lumot olishmaydi.
“SMS-xabarlar masalasiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bilasizki, har bir SMS-xabar pul turadi. Agar biz bunday xabardor qilish tizimini joriy qilsak, bu qo‘shimcha xarajat bo‘lib, ta’kidlaganimizdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tannarxiga ta’sir qiladi”, — dedi Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Nasibullo Muhammadjonov UzReport TV YouTube kanali efirida.
Nasibullo Muhammadjonov. Foto: skrinshot.
Hududiy elektr tarmoqlari xodimi Malika Rasulova elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida SMS-xabarnomalar kelmayotganini “aholini tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalardan biri” deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, telefon raqamlarining tez-tez o‘zgarishi tufayli tizimda ko‘pincha eskirgan kontaktlar saqlanib qoladi. Natijada SMS-xabarnomalarning salmoqli qismi adresatlarga yetib bormaydi, ularni jo‘natish xarajatlari esa o‘sishda davom etmoqda.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda HET billing tizimi orqali 20 dan ortiq turdagi SMS-xabarnomalarni yubormoqda, bu esa qo‘shimcha yuklamani keltirib chiqarmoqda.
Har kuni ASKUE tizimi 8 mlndan ortiq iste’molchining hisoblagich ko‘rsatkichlarini qayta ishlaydi: ma’lumotlarni qayd etadi, o‘chirish va ulashni amalga oshiradi, past balans haqida ogohlantiradi va bu harakatlarning har biri bo‘yicha avtomatik ravishda xabarnoma yuboriladi.

Malika Rasulova. Surat: skrinshot
Rasulova iste’molchilarni o‘z aloqa ma’lumotlarini o‘z vaqtida yangilab turishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ko‘plab fuqarolar telefon raqamlarini almashtirgan.
Bunga, jumladan, Markaziy bankning yangi talabi joriy etilgani ham sabab bo‘lgan: 22-apreldan boshlab to‘lov ilovalariga biriktirilgan raqam bank kartasiga ulangan raqam bilan bir xil bo‘lishi kerak.
“Bundan tashqari, shikoyatlar ko‘payadigan holatlar ham bo‘lib turadi: odamlar nima uchun ularga doimiy ravishda SMS-xabarlar kelayotganini so‘raydi. Ba’zilarga bu yoqmaydi va ular telefon raqamini tizimdan o‘chirishni iltimos qiladi. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin. Shu bois bu vaziyatga biryoqlama qarash yaramaydi. Bizda SMS-xabarnomalar yuborish hajmi juda katta. Nazarimda, barcha kommunal xizmatlar orasida eng ko‘p [xabar] bizdan yuboriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Malika Rasulova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, HET aksariyat bildirishnomalarni iste’molchilarning shaxsiy kabinetlarida va 2024-yil avgust oyida ishga tushirilgan mobil ilovada e’lon qiladi. “Faqat ularni ko‘zdan kechirish kerak”, — deb maslahat berdi u.
Avvalroq Energetika vazirligi O‘zbekistonda energiya tariflari yuqoriligi haqidagi fikrni noto‘g‘ri deb atagani haqida xabar berilgandi.
