Avvalroq Energetika vazirligi elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining so‘nggi yillarda uchinchi marta oshirilishini birinchi marta ochiq tushuntirgani haqida xabar berilgandi.

“Huquqiy nigoh” podkasti boshlovchisi Sevara O‘rinboyeva fuqarolarning savol va mulohazalariga tayanib, iste‘molchilar fikricha, O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflari shundoq ham yuqori bo‘lgan bir paytda nega yana oshirilganini so‘radi.

“Bu fikrni, ochig‘ini aytganda, ma‘lum darajada noto‘g‘ri deb hisoblayman. Chunki globalelectric.org saytiga kirsangiz, O‘zbekistonda energiya narxlari dunyodagi eng arzon 20 ta davlat qatoriga kirishini ko‘rasiz. Ya‘ni, bizda, O‘zbekistonda elektr energiyasining o‘rtacha narxi 4−5 sentni tashkil etadi. Xalqimizning ‘narxlar shundoq ham baland edi, yana oshirishdi‘ degan fikrini to‘g‘rilash uchun to‘g‘ri tushuntirish berish kerak”, — deya javob berdi vazirlik bosh mutaxassisi Nasibullo Muhammadjonov UzReport TV‘ning YouTube kanalidagi chiqishida.

Energiya resurslari tariflari oshirilishi sabablari haqidagi savolga Energetika vazirligi vakili bunga tannarx, ya‘ni energiya ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xarajatlar asos bo‘lishini ta‘kidladi. Elektr energiyasi misolida bu, xususan, issiqlik elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish, tabiiy xomashyodan foydalanish, uni qayta ishlash va yoqish xarajatlaridir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa omillar qatoriga elektr energiyasini tashish, shuningdek, energiya obyektlari, jumladan, transformator punktlari, podstansiyalar va elektr uzatish liniyalariga xizmat ko‘rsatish xarajatlari kiradi.

“Bugungi kunda, masalan, aholi uchun ijtimoiy norma doirasida belgilanayotgan narx, aytish mumkinki, elektr energiyasi ishlab chiqarish tannarxidan ancha past va bu tafovut budjet hisobidan qoplanadi”, — deya so‘zini yakunladi u.

1-iyundan energiya tariflarining oshirilishi

15-may kuni qabul qilingan hukumatning tegishli qarori (VMQ-243-son) bilan 2026-yil iyun oyidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, bu narx IV guruh iste’molchilari uchun ham amal qiladi. III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.

Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun narxlar quyidagicha:

  • oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
  • 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
  • 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:

  • oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
  • 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
  • 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 100 so‘m.

Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsientli tariflar saqlanib qoladi.

Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 ming so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.

Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektr va gaz uchun oldindan to‘lov qilinganda eski tariflar ikki oy saqlanib qolishi haqida yozgandi.