O‘zbekistonda 1-iyundan energiya tariflarining navbatdagi oshirilishi rejalashtirilganiga qaramay, ikki oylik oldindan to‘lov amalga oshirilsa, elektr va tabiiy gaz uchun eski tariflar saqlanib qoladi. Bu haqdagi ma‘lumotni Energetika vazirligi matbuot xizmati Spot‘ga tasdiqladi.
Hukumat qaroriga (319-sonli) ko‘ra, elektr energiyasi tariflari o‘zgargan taqdirda, maishiy iste‘molchilar ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga yetarli avans to‘loviga ega bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lovdan ozod etiladi. Boshqa iste‘molchilar, jumladan, biznes uchun bu muddat bir oydan oshmaydi.
Xuddi shunday qoida tabiiy gazga nisbatan ham amal qiladi. Tariflar o‘zgargan taqdirda, gaz uchun oldindan to‘lovni amalga oshirgan iste‘molchi ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlardan ozod qilinadi. Bunda jismoniy shaxs ushbu davr mobaynida oldindan to‘langan miqdordan ortiq hajmdagi gazni iste‘mol qilmasligi kerak.
Masalan, agar fuqaro 1-iyunga qadar oylik iste‘moli ijtimoiy me‘yor (200 kVt⋅soat) doirasida bo‘lgan holda elektr energiyasi uchun 240 ming so‘m miqdorida oldindan to‘lov qilsa, u ikki oy davomida — avgustgacha — to‘langan hajm doirasida 1 kVt⋅soat uchun 600 so‘mlik eski tarifdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Agar bu hajmdan oshib ketsa, farq yangi tarif — 1 kVt⋅soat uchun 650 so‘m bo‘yicha hisoblanadi.
Avans to‘lovi bo‘lmagan taqdirda, iste‘molchi yangi tariflar bo‘yicha ikki oy uchun 260 ming so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Ortiqcha to‘lov 20 ming so‘mni tashkil etadi va iste‘mol ortishi bilan bu summa ham ko‘payadi.
1-iyundan energiya tariflari oshirilishi
1-iyundan yirik sanoat va budjet tashkilotlari (I guruh), shuningdek, turli yuridik shaxslar (II va IV guruhlar) uchun elektr energiyasi tarifi 1 kVt⋅soat uchun 1100 so‘mni tashkil etadi.
Maishiy iste‘molchilar (III guruh) uchun tabaqalashtirilgan tariflar va ijtimoiy me‘yorlar saqlanib qoladi. Bunda yangi pog‘ona — 500 kVt⋅soatgacha joriy etiladi.
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan tartibda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalar aholisi 1-iyundan boshlab quyidagi tariflar bo‘yicha haq to‘laydi:
- oyiga 200 kVt⋅soatgacha — 1 kVt⋅soat uchun 325 so‘m;
- 201 kVt⋅soatdan 500 kVt⋅soatgacha — 450 so‘m;
- 501 kVt⋅soatdan 1000 kVt⋅soatgacha — 550 so‘m.
III guruhning qolgan iste‘molchilari uchun quyidagi narxlar amal qiladi:
- oyiga 200 kVt⋅soatgacha — 1 kVt⋅soat uchun 650 so‘m;
- 201 kVt⋅soatdan 500 kVt⋅soatgacha — 900 so‘m;
- oyiga 501 kVt⋅soatdan 1000 kVt⋅soatgacha — 1100 so‘m;
- 1001 kVt⋅soatdan 5000 kVt⋅soatgacha — 1600 so‘m;
- 5001 kVt⋅soatdan 10 000 kVt⋅soatgacha — 1900 so‘m;
- oyiga 10 001 kVt⋅soat va undan yuqori — 2200 so‘m.
Sanoat korxonalari (NKMK, OKMK, O‘zmetkombinat va boshqalar), budjet tashkilotlari, shuningdek, ulgurji iste‘molchilar uchun 1 kub metr tabiiy gaz narxi 2000 so‘mni tashkil etadi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif bir kubometr uchun 2700 so‘mgacha oshiriladi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflarining quyi chegarasi (isitish mavsumida 500 kub metrgacha va boshqa vaqtda 100 kub metrgacha) bir kubometr uchun 1100 so‘mni tashkil qiladi.
Ushbu hajmdan ortiq iste‘mol uchun noyabrdan fevralgacha bo‘lgan isitish mavsumida jismoniy shaxslarga tabiiy gaz tariflari quyidagicha bo‘ladi:
- oyiga 501 kub metrdan 2500 kub metrgacha — har bir kubometr uchun 2000 so‘m;
- oyiga 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha — 2300 so‘m;
- oyiga 5001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2700 so‘m;
- oyiga 10 000 kubometr va undan yuqori — 3300 so‘m.
Martdan oktabrgacha bo‘lgan davrda maishiy iste‘molchilar quyidagi miqdorda to‘lov qiladi:
- oyiga 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 2000 so‘m;
- oyiga 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha — 2300 so‘m;
- oyiga 5001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2700 so‘m;
- oyiga 10 000 kubometr va undan yuqori — 3300 so‘m.
Spot, avvalroq, 1-iyundan ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinishi haqida yozgandi.