Shavkat Mirziyoyev ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va yangi investitsiya loyihalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mustaqillikning dastlabki 25 yilida ko‘mir qazib chiqarish o‘rtacha 3,1 mln tonnadan 4 mln tonnagacha oshgan bo‘lsa, so‘nggi 9 yilda ushbu ko‘rsatkich 10 mln tonnaga yetkazildi. Kelgusi kuz-qish mavsumida ko‘mir qazib chiqarish hajmini 11 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda ko‘mir qazib chiqaruvchi xususiy tadbirkorlar soni 18 taga yetdi. 2023−2025-yillarda ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilib, 2,4 mln tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Mazkur jarayonlarga $117,2 mln xususiy investitsiyalar yo‘naltirildi.
Angren va Sharg‘un ko‘mirlarini aralashtirish hisobiga issiqlik elektr stansiyalariga 1,5 mln tonna import o‘rnini bosuvchi, yonuvchanligi yuqori bo‘lgan mahalliy ko‘mir yetkazildi.
Taqdimotda ko‘mir narxlarini shakllantirishni bozor tamoyillariga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Amaldagi tartibda narxlarni maʼmuriy belgilash ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligiga, yangi investitsiya kiritish va qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan 2026-yil 1-iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish hamda ko‘mirni davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar strategik turlari ro‘yxatidan chiqarish taklif qilindi. Bunda ko‘mir narxi talab va taklif asosida shakllanadi, isteʼmolchilarga birja savdolari orqali sotiladi.
Ushbu yondashuv sohada ochiq raqobat muhitini yaratish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit taʼminlash, ishlab chiqaruvchilarni qo‘shimcha hajm va sifat uchun rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Issiqlik elektr stansiyalari va yirik isteʼmolchilar ko‘mirni “taklif so‘rovi” tartibi asosida, hisobot davridagi o‘rtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Aholi va budjet muassasalarini ko‘mir bilan barqaror taʼminlash uchun alohida mexanizm joriy etiladi. Ko‘mir qazib chiqaruvchilar mahsulotni birja savdolarida alohida savdo maydonchasi orqali yetkazib beruvchi tadbirkorlarga sotadi. Tadbirkorlar omborxonasi, texnikalari va soliq reytingi kabi mezonlar asosida elektron tizim orqali tanlanadi.
Respublika bo‘yicha aholi va budjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan ko‘mir narxlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish maqsadida temir yo‘lda tashish yagona tarif asosida amalga oshiriladi.
Ko‘mir taʼminot korxonasi faoliyati tugatilib, hududlardagi 96 ta ko‘mir ombori va texnikalar auksion savdolari orqali sotiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mycoal.uz portali orqali ko‘mir sotib olgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga joriy yil iyun-dekabr oylarida 600 ming so‘mgacha bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Import ko‘mir sifati va ekologik xavfsizligi bo‘yicha ham yangi talablar belgilanadi. Respublika hududiga olib kiriladigan ko‘mirning oltingugurt miqdori, kaloriyasi va boshqa ko‘rsatkichlariga talablar ishlab chiqiladi.
Belgilangan ekologik va sifat talablariga javob bermaydigan import ko‘mirdan respublika hududida foydalanish va uni sotish taqiqlanadi. Kelgusida ko‘mir importi faqat temir yo‘l orqali amalga oshiriladi.



Taqdimotda Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi haqida ham axborot berildi. Ushbu loyihaning umumiy zaxirasi 233 mln tonna, yillik qazib chiqarish quvvati 10 mln tonnani tashkil etadi. Qiymati $494 mln bo‘lgan loyiha doirasida 880 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, ushbu kon negizida umumiy quvvati 1,4 gVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish taklif qilindi. Loyihaga ko‘ra, $1,3 mlrd investitsiya jalb qilinib, har biri 350 mVt quvvatga ega 4 ta energoblok ultra yuqori kritik texnologiyalar asosida quriladi.
Qurilish davrida 1500 ta, loyiha to‘liq ishga tushgach, 310 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 9,8 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi, 2 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berishi kutilmoqda.
Shuningdek, taqdimotda tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xorijiy investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, yirik kombinatlar va tarmoq korxonalari ehtiyojlarini birlashtirish, uzoq muddatli shartnomalar asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, tog‘-kon sanoatida import o‘rnini bosish salohiyatini $2,1 mlrdgacha yetkazish imkoniyati mavjud. Bu, avvalo, texnika, ehtiyot qismlar, kimyoviy reagentlar va yirik agregatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga taʼminlanadi.
Shu munosabat bilan 2027−2030-yillarga mo‘ljallangan tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Davlat rahbari takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, 1-iyundan kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 mlrd so‘mga oshirilishi haqida yozgandi.


