O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 4,5% gacha pasaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat dasturining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan hisobotida ma’lum qildi.

Yanvar-iyun oylarida mamlakatda yalpi ichki mahsulot 8,5% ga o‘sdi. Xizmatlar sohasi 16,9%, qurilish 13,8%, sanoat 8% va qishloq xo‘jaligi 4,7% ga o‘sish ko‘rsatdi.

Davlat budjeti daromadlari 207 trln so‘mga yetdi, xarajatlar esa prognozlarga nisbatan 18% ga oshib, 205,5 trln so‘mni tashkil etdi. Mamlakatga $28,1 mlrdlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi, oltinsiz eksport $14,4 mlrdga yetib, 31,6% ga oshdi. Yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi. Kapital qo‘yilmalar qariyb 339 trln so‘mga yetdi.

Ijtimoiy sohaga qariyb 106 trln so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 8,7%) yo‘naltirildi. Banklar tomonidan iqtisodiyotga 191 trln so‘m kredit ajratildi, shundan 76,4 trln so‘mi kichik va o‘rta biznesga yo‘naltirildi. Aholining banklardagi depozitlari 190 trln so‘mga yetdi. Jami muddatli depozitlar — 106 trln so‘m.

Bu davrda og‘ir toifadagi 37 ta va Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi 33 ta tuman hamda 915 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga 9 trln so‘m ajratildi. Hozirda 3200 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Hududlarda 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 246 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. 460 mingdan ortiq ishsiz fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. 2 750 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi.

Natijada, olti oyda mamlakatda kambag‘allik darajasi 5% dan 4,5% gacha pasaydi.

Shu bilan birga, Yoshlar daftaridagi 12 ming yoshlarga 27 mlrd so‘m moddiy yordam berildi. Ijtimoiy reyestrdagi 227 ming kambag‘al oilaga esa daromadini oshirish uchun 300 mingta xizmatlar ko‘rsatildi. Inson qadri loyihasi doirasida 10 400 ta kam ta’minlangan oilalarga 3 mlrd so‘mlik moddiy yordam taqdim etildi.

Avvalroq Spot Xorazmda iqtisodiy nofaol aholi uchun yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.