Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati misolida mamlakatda aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident viloyatdagi tashrifi davomida iqtisodiy idoralar oldiga kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha bir qator vazifalar qo‘yganini qayd etdi. Jumladan, yangi mexanizmlarni joriy etish, mavjud instrumentlar samaradorligini qayta ko‘rib chiqish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish topshirildi.
“Bugungi kungacha biz mavjud instrumentlar yordamida hokim yordamchisi yoki mahalla bankerlari orqali kredit, subsidiya yoki sudalarni taklif qilgan bo‘lsak, odamlar o‘z xohish-istagidan kelib chiqqan holda ulardan foydalanib, kambag‘allikdan chiqdi. Keyingi bosqichda nisbatan faolligi pastroq bo‘lgan aholi qatlami bilan manzilli ishlab, ularga to‘g‘ri keladigan instrumentlarni joriy qilishga e’tibor qaratamiz”, — dedi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun hududlarga ko‘proq erkinlik berish rejalashtirilmoqda. Bunda, oilaning ehtiyojidan kelib chiqib, mavjud standart vositalardan tashqari boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham joriy qilinadi.
Bundan tashqari, Zohidov kambag‘allikni qisqartirish tizimida mas’ullarning ish samaradorligini baholash mezonlari ham qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Bunda hokim yordamchilari va mahalla bankirlarining KPI ko‘rsatkichlari yangilanadi.
Vazir so‘nggi yillarda infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ish olib borilmagan mahalla deyarli qolmaganini qayd etdi. Endi asosiy vazifalardan biri mahallalarning o‘ziga xos yo‘nalishini aniqlash va ularni shu yo‘nalish bo‘yicha rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.
“So‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil ichida aksariyat mahallalarimiz o‘zining yo‘lini topib oldi. 30% dan oshiq mahallalarimiz hozir chuqur ixtisoslashgan. Yana 40% mahallalarimizni ixtisoslashgan desak bo‘ladi. O‘zining ixtisosligini hali topmagan mahallalarimiz esa bir qism qolgan”, — dedi u.
Qolgan mahallalarning ham ixtisosligini aniqlash rejalashtirilmoqda. Bunday mahallalarda esa kooperatsiyalar tashkil etish orqali aholini daromadli faoliyatga jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Xorazm viloyatida 36 ta kooperatsiya tashkil etish imkoniyati mavjud. Ular 400 dan ortiq mahallani qamrab olishi kutilmoqda. Har bir kooperatsiyaga “lokomotiv” tadbirkorlar biriktiriladi. Zohidovning fikricha, bunday hamkorlik ishtirokchilarni bir-birini rivojlantirishga undaydi va daromadga tezroq chiqish imkonini beradi.
Bandlik vaziri kooperatsiyalarni tashkil etish va rivojlantirish uchun yangi moliyaviy va boshqa qo‘llab-quvvatlash vositalari ishlab chiqilayotganini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, prezident tomonidan berilgan qo‘shimcha mablag‘ ajratish vazifasining bajarilishi hamda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida Xorazm viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish imkoniyati mavjud.
Avvalroq Spot Jahongir Ortiqxo‘jayev xorijdagi 10 ming o‘zbekistonlikni qaytarish va ishga joylashtirishni taklif qilgani haqida yozgan edi.