Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Rossiyadan qaytib, O‘zbekistonda ishlashni istagan fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbus bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti haqidagi syujetida so‘z boradi.

Akfa Group kompaniyalar guruhi asoschisi 10-avgust kuni Tataristonda yuz bergan dronlar hujumi oqibatida sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan fojiani tilga oldi. “Tataristonda yuz bergan qayg‘uli holat sizni juda qattiq tashvishga solgani ko‘rinib turibdi. Biz hammamiz his qilyapmiz buni”, — dedi u va tadbirkorlar davlat rahbarining yonida madadkor bo‘lib turishi kerakligini bildirdi.

Ortiqxo‘jayevning aytishicha, Akfa Holding xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 10 ming nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlashga tayyor. Buning uchun prezident ruxsat bersa, hoziroq alohida call-markaz tashkil etib, Rossiyadan qaytishni va O‘zbekistonda ishlashni istagan fuqarolarni ishga joylashtirishni boshlash mumkin.

“Biz Akfa Holding kompaniyasi, xorijda yurgan 10 ming vatandoshimizni ish bilan ta’minlashga tayyormiz. Agar ruxsat bersangiz, ertadan alohida call-markaz tashkil etib, Rossiyadan qaytib, O‘zbekistonga ishlashni xohlagan yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minlashni boshlaymiz”, — dedi u.

Tadbirkor mamlakatdagi qariyb 600 ming tadbirkor ham shunday tashabbus bilan chiqishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, har bir tadbirkor kamida ikki nafar vatandoshini ishga olsa, 1 mln nafardan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ortiqxo‘jayev, shuningdek, o‘zbekistonliklarni xorijdagi loyihalarga jalb qilish imkoniyatlari haqida ham gapirdi.

Uning ma’lum qilishicha, Discover Invest qurilish kompaniyasi Amerikaning yirik qurilish kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil qilgan. Hamkorlik doirasida Meksikada yirik neft-kimyo kombinati va Saudiya Arabistonida tog‘-kon kombinati qurilishi bo‘yicha EPC-kontraktlar yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

“Hurmatli prezident, agar ruxsat bersangiz, Meksika va Saudiya Arabistonida ishlash istagini bildirgan minglab fuqarolarimizni ishga yuboramiz”, — dedi tadbirkor.

Bundan tashqari, Ortiqxo‘jayev Albaniyada yirik turistik kompleks qurilishi loyihasi ham boshlanayotganini bildirdi. Discover Invest ushbu loyihada qurilish ishlarida ishtirok etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Uning ta’kidlashicha, bu loyiha ham o‘zbekistonlik quruvchilarni xorijda ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Davlat rahbari xorijdagi fuqarolarni O‘zbekistonda ishga joylashtirish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlab, Ortiqxo‘jayevga tegishli platformani ishlab chiqish hamda 10−20 kun ichida takliflarni kiritishni topshirdi.

Shavkat Mirziyoyev har bir tadbirkor o‘z platformasini yaratib, xorijda ishlayotgan vatandoshlarni O‘zbekistondagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va yangi loyihalarga jalb qilishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda hali ham ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari, vakantlar va tadbirkorlarning yirik loyihalari mavjud.

Shuningdek, bu jarayonga O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini ham jalb qilish taklif etildi. Prezident elchilar, jumladan, Rossiyadagi elchi orqali xorijda ishlayotgan fuqarolarga O‘zbekistonga qaytib, ishlashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni tushuntirish zarurligini bildirdi.

“Agar siz, chempion tadbirkorlar platforma qilib, uni 10−15 kun ichida ushbu masalaga taklif bersangizlar, nur ustiga nur bo‘lardi”, — dedi prezident.

Avvalroq Spot o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchilari Ruminiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgan edi.