Yangi Buxoro aeroportini quradigan Turkiyaning Limak kompaniyasi bilan bitim tez orada imzolanadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev Yangi Buxoro xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha tender g‘olibi bo‘lgan konsorsiumning yetakchisi — Turkiyaning Limak İnşaat kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Tomonlar davlat-xususiy sheriklik loyihasining keyingi bosqichlarini muhokama qildi. Kompaniya vakillari loyihani jadallashtirilgan tartibda amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar DXSh bitimi bo‘yicha muzokaralarni o‘tkazish va uni qisqa muddatda imzolash, shuningdek, ishchi guruhlarning keyingi hamkorlik tartibini belgilab oldi.

“Buxoro mamlakatning asosiy turistik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, yangi aeroport loyihasini o‘z vaqtida amalga oshirish biz uchun ustuvor ahamiyatga ega”, — deyiladi Limak vakillarining bayonotida.

Xalqaro tender natijalariga ko‘ra, Limak va HBK kompaniyalari konsorsiumi Yangi Buxoro aeroportini DXSh asosida qurish va boshqarish bo‘yicha g‘olib deb topilgan edi. Loyiha soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal, vokzal oldi maydoni, avtoturargoh va boshqa infratuzilmani qurish hamda aeroportni uzoq muddat boshqarishni nazarda tutadi.

12-noyabr kuni Yangi Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va boshqarish bo‘yicha xalqaro tender yakunlandi. Unda Turkiyaning Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş. hamda Qatarning Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L. kompaniyalari konsorsiumi g‘olib deb topildi.

Tender joriy yil 12-martda boshlanib, ikki bosqichda — malaka so‘rovi (RFQ) va takliflar so‘rovi (RFP) shaklida o‘tkazildi. Birinchi bosqich iyunda yakunlangan. Yakuniy bosqichga oltita kompaniya o‘tgan. G‘olib Idoralararo tender komissiyasi tomonidan aniqlandi.

Loyiha Qurish-topshirish-boshqarish (Build-Transfer-Operate — BTO) modeli asosida amalga oshiriladi. Xususiy sherik soatiga 1 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal, vokzaloldi maydoni, avtoturargoh va tegishli infratuzilmani qurish hamda boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi. Davlat sherigi esa aerodrom majmuasi, jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va perronni qurish hamda boshqarishni o‘z zimmasiga oladi.

Avvalroq Spot Toshkent aeroportida yo‘lovchi oqimi 16% ga o‘sgani, Navoiy va Qarshida esa kamaygani haqida yozgan edi.