Instagram “stories"ni ko‘rishlar, layklar va javoblarni yo‘qotmasdan tahrirlash imkonini berdi. Bu haqda The Verge ijtimoiy tarmoq rahbari Adam Mosseri bayonotiga tayanib yozmoqda.
Endi hikoya e’lon qilinganidan keyin 15 daqiqa ichida matn, musiqa, stikerlar va chizilgan elementlarni ko‘rishlar, layklar va javoblarni yo‘qotmasdan o‘zgartirish mumkin.
Avval undagi xatolarni tuzatish uchun uni o‘chirib, qaytadan joylash kerak edi. Mosserining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab foydalanuvchilar ushbu funksiyani qo‘shishni so‘ragan.
Funksiyadan foydalanish uchun e’lon qilingan “stories"ni ochish, ekranning pastki o‘ng burchagidagi uch nuqtali menyuni bosish va “Stories'ni tahrirlash” (Edit story) bandini tanlash kerak.

The Verge qayd etishicha, ushbu funksiya ustida ishlanayotgani haqida 2026-yil bahoridayoq yozilgan.
Bundan tashqari, Instagram “stories"ni bezash uchun yangi shriftlar, stikerlar va ranglar, shuningdek, turli fonlar hamda xiralashtirish (blur) variantlarini ham qo‘shdi.
Avvalroq Spot Instagram uchun alohida Direct messenjeri sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.
Shuningdek, Instagram uzun videolar joylaydigan ijodkorlarga $500 minggacha taklif qilayotgani xabar berilgandi.