Tojikiston hududidan o‘tuvchi elektr tarmog‘idagi avariya Farg‘ona vodiysida uzilishlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

19-noyabr kuni soat 06:19 da Tojikiston hududidan o‘tuvchi 500 kV kuchlanishli “L-503” elektr uzatish tarmog‘ida avariya yuz berdi. Buning oqibatida Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi ayrim iste’molchilarning elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noqulay ob-havo ta’sirida murakkab relefli adirlik hududida joylashgan elektr uzatish tarmog‘i tayanchlaridan biri qulagan. Natijada avtomatik himoya tizimi ishga tushib, mazkur tarmoq orqali elektr energiyasi uzatilishi vaqtincha to‘xtagan. Bu esa ayrim iste’molchilarning elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lgan.

Hozirda O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari mutaxassislari va avariya-tiklash brigadalari hodisa joyiga safarbar etilgan. Tojikistonning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda avariya oqibatlarini bartaraf etish va elektr uzatish tarmog‘i faoliyatini tiklash choralari ko‘rilmoqda.

Ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlangunga qadar Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi.

Vazirlikka ko‘ra, Farg‘ona vodiysiga elektr energiyasi boshqa tarmoqlar orqali ham yetkazib beriladi. Xususan, Farg‘ona viloyatiga Toshkent viloyatidagi Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasidan chiquvchi 500 kV kuchlanishli “L-524” tarmog‘i orqali ham elektr uzatiladi.

“Vaziyat Energetika vazirligining doimiy nazoratida. Elektr ta’minotidagi uzilishlarni imkon qadar qisqa muddatlarda bartaraf etish va iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Spot qishda gaz birinchi navbatda aholi va ijtimoiy obyektlarga yetkazib berilishi haqida yozgan edi.