Yangi taraqqiyot banki (YTB) O‘zbekiston hukumati bilan $300 mln lik kredit kelishuvini imzoladi. Bu haqda 17-noyabr kuni bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘ quyosh, shamol, gidro va atom energetikasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, u energiyaga tez o‘sib borayotgan talabni qoplash, tabiiy gazga kuchli qaramlikni kamaytirish va energetika xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha O‘zbekistonning issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha milliy majburiyatlarini bajarishga ham yordam beradi. Uning koordinatori etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi tayinlangan.
Bank ma’lumotiga ko‘ra, loyiha aholi va korxonalarga ekologik toza elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytiradi va butun mamlakatda energiya ta’minotini ishonchliroq qiladi.
“Bu kredit Yangi taraqqiyot bankining yangi a’zosi va Markaziy Osiyodagi birinchi a’zo davlati bo‘lgan O‘zbekiston bilan hamkorligida muhim qadam bo‘ladi”, — dedi bank vitse-prezidenti va bosh operatsion direktori Roman Serov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bank yangi moliyaviy vositalar yordamida infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonda “keng loyihalar portfeli"ni tayyorlamoqda.
Bank kreditning foiz stavkasi va qaytarish muddati kabi shartlarini oshkor qilmadi.
YTB 2015-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR tomonidan tashkil etilgan. Hozir bankka o‘nta davlat a’zo. O‘zbekiston bankka 2026-yil may oyida qo‘shilgan.
Avvalroq Spot Energetika vazirligi gaz zaxiralari kamayib borayotgani sababli issiqxonalarni boshqa yoqilg‘i turlariga o‘tishga chaqirgani haqida yozgandi.