17-noyabr kuni Adliya vazirligi banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani (3977-son) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjat banklarni naqd pul bilan ta’minlash, aholiga va tadbirkorlarga naqd pul berish, banknot va tangalarni muomalaga chiqarish hamda banklar o‘rtasida taqsimlash tartibini belgilaydi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, banklar o‘rtasida naqd pul taqsimoti “Naqd pullarning elektron maydoni” dasturiy majmuasi orqali amalga oshiriladi.

Ortiqcha naqd pulga ega banklar uni boshqa banklarga taklif qiladi, pulga ehtiyoji bor banklar esa elektron talabnoma yuboradi. Naqd pullar banklar o‘rtasida inkassatsiya xizmati orqali yetkazib beriladi.

Shuningdek, banklar har oyda naqd pul kirimi va chiqimi bo‘yicha prognoz tayyorlab, uni oy boshlanishidan kamida uch bank ish kuni oldin elektron shaklda taqdim etishi kerak.

Hujjatda muomalaga chiqariladigan banknot va tangalarga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan. Pul belgilarida quyidagilar bo‘lishi shart:

  • nominal qiymati,
  • bir-biridan farqlash imkonini beruvchi o‘lchami va ranglari,
  • Markaziy bank nomi;
  • dizayni va namunasi tasdiqlangan yil;
  • davlat gerbi yoki bayrog‘i tasviri;
  • qalbakilashtirishdan himoyalovchi elementlar.

Avvalroq Spot ish haqini istalgan bank kartasiga o‘tkazish mumkinligi haqida yozgan edi.