Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Kelgusi yilda viloyat iqtisodiyotini 9,5% ga o‘stirish, xorijiy investitsiyalarni $7−8 mlrd, eksportni esa $1,3 mlrd ga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Joriy yil yakunida Namanganga $5,4 mlrd xorijiy investitsiya jalb etilishi, eksport hajmi $1,2 mlrd ga yetishi kutilmoqda. Kelgusi yil uchun umumiy qiymati $5,4 mlrd bo‘lgan yangi investitsiya takliflari shakllantirilgan.

Viloyatda bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Namangan xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinib, soatiga 1,2 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal va yiliga 21,2 ming tonna yuk qabul qilish quvvatiga ega kargo infratuzilmasi barpo etiladi.

Sanoatda Chust tumanida $260 mln lik to‘qimachilik bo‘yoqlari ishlab chiqarish, $150 mln lik chiqindidan elektr energiyasi olish va $125 mln lik bazaltdan issiqlik saqlovchi materiallar tayyorlash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Popda kumush konsentrati, Yangi Namanganda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Yangi Namangan shaharchasida IT-park qurilishi ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Yangi Namangan shaharchasida 50 ming xonadonga mo‘ljallangan turar joylar, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va agrosanoat kooperatsiyasini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. To‘raqo‘rg‘onda 70 ming bosh qo‘yga mo‘ljallangan zamonaviy klaster, bir qator tumanlarda parrandachilik majmualarini rivojlantirish va Kosonsoyda 25 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik chorvachilik kompleksini barpo etish rejalari muhokama qilindi.

Chust tumanidagi Olmos shaharchasida dehqonchilik maktabini tashkil etish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi. Unda agroakademiya, agroinnovatsiya markazi, agrosanoat parki, agrologistika va agroturizm yo‘nalishlarini birlashtirish, xorijiy hamkorlar bilan yuqori hosilli kartoshka urug‘chiligi, eksportbop poliz mahsulotlari yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish taklif etildi.

Bundan tashqari, intensiv va organik bog‘dorchilikni kengaytirish, Pop tumani adirlarini o‘zlashtirish hamda qishloq xo‘jaligiga ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yoshlar bandligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Viloyatdagi 786 ming nafar yoshni xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularni ichki va tashqi mehnat bozorlarida ish bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Ibrat nomidagi chet tillari institutida italyan tilini o‘rgatish markazi tashkil etilgani ijobiy baholandi. Italiya kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Kelgusi yilda 10 ming nafar yoshni Yaponiya va Germaniyada yuqori daromadli ish o‘rinlarida mehnat qilishga tayyorlash, xorijdan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish va ularning muammolarini hal etishda raqamli xizmatlardan foydalanish topshirildi. Shu asosda viloyat aholisining o‘rtacha daromadini 9,6 mln so‘mga yetkazish vazifasi belgilandi.

Turizm sohasida Pop tumanidagi “Arashan” ko‘p funksiyali majmuasining birinchi bosqichini 2027-yilda ishga tushirish, kelgusida yiliga 1,5 mln sayyohni jalb qilish ko‘zda tutilgan. “Qamchiq” tog‘ dam olish maskani loyihasi, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chustda yangi turizm zonalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Chustda pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi an’analarini birlashtiradigan Hunarmandlar shaharchasini tashkil etish taklif qilindi. Loyiha doirasida 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Savdo va servisni kengaytirishda tun-u kun ishlaydigan ko‘chalar sonini 35 tadan 50 taga yetkazish, Sirdaryo bo‘yida dam olish va xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etish, yo‘lbo‘yi servislarini yaxshilash vazifalari qo‘yildi.

Turizm va mehmonxona boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash uchun Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

Chekka mahallalarda xizmatlarni kengaytirish maqsadida Norin tumanidagi mahalla axborot va xizmat markazi tajribasini boshqa tumanlarga tatbiq etish, Koreya Respublikasi tajribasi asosida “Aqlli qishloq” loyihalarini rivojlantirish taklif qilindi.

Yig‘ilish yakunida viloyat hokimligi va mas’ullarga yirik loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish hamda aholini qiynayotgan masalalarga manzilli yechim topish topshirildi.


Avvalroq Spot Andijon va Namangan aeroportlari xususiy boshqaruvga berishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.