Avvalroq Spot 21-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha ishlarning borishi haqidagi taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat-xususiy sheriklik doirasida O‘zbekistonda to‘rtta aeroport bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Bular Toshkentdagi yangi xalqaro aeroportdan tashqari, Urganch, Buxoro, Andijon va Namangandagi loyihalardir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Urganch xalqaro aeroporti Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Buxoroda hozir tender jarayonlari davom etmoqda, Andijon va Namanganda esa aeroportlarni xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Alohida ravishda yig‘ilishda Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi muhokama qilindi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, amaliy ishlar allaqachon boshlangan. Prezident xususiy hamkor bilan zarur kelishuvlarni imzolash, maydonda qurilish ishlarini boshlash va loyihani amalga oshirish muddatlarini belgilash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha ma’lumot berildi. Davlat rahbari ushbu loyiha bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, bunda sifat va zamonaviy talablarga muvofiqlikka alohida e’tibor qaratish topshirig‘ini berdi.

Mahkamovning ta’kidlashicha, 2019-yildan buyon aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi rivojlanish nuqtalarini yaratdi. Endilikda sohani yaqin 10 yilga rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Strategiyani ishlab chiqishga Ispaniya kompaniyasi jalb qilingan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, strategiyani joriy yil oxirigacha ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Transport vazirligiga aviakompaniyalarni rivojlantirish va kelasi yili Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) xalqaro auditidan o‘tish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda aviatsiya sohasida yagona strategiya ishlab chiqish, modernizatsiya qilinadigan aeroportlar sonini belgilash hamda ularni mintaqaviy xab (markaz)larga aylantirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.


Avvalroq Spot Andijon aeroportining yillik yo‘lovchi sig‘imini 3,5 mln nafarga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.