Yevrokomissiya TikTok’ning “Siz uchun (For You) lentasidagi tavsiyalar algoritmi Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) talablarini buzayotganini aniqladi. Bu haqda komissiya 6-noyabr kuni e’lon qilgan bayonotida ma’lum qildi.
Regulyator platformaning algoritmi foydalanuvchilarni bir xil mazmundagi videolarni uzluksiz tomosha qilishga undashi va bu ularning ruhiy salomatligiga zarar yetkazishi mumkinligini bildirdi.
TikTok’ning “Siz uchun” lentasi foydalanuvchilarning tomosha qilish tarixi va faolligiga qarab videolarni tavsiya qiladi. Foydalanuvchi muayyan turdagi kontent bilan qanchalik ko‘p o‘zaro aloqada bo‘lsa, algoritm unga shuncha ko‘p o‘xshash videolarni ko‘rsatadi.
Masalan, ozish, tana qiyofasi yoki ruhiy muammolarga oid videolarni qayta-qayta tomosha qilish yoki ularga layk bosish shu mavzulardagi kontentning ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
Yevrokomissiya fikricha, bunday mexanizm foydalanuvchilarni qayg‘u, yolg‘izlik, ijtimoiy yakkalanish va tashqi ko‘rinishdan norozilik kabi mavzulardagi videolar oqimiga tortib ketishi mumkin.
Bir xil mazmundagi kontentning takroran namoyish etilishi xavotir va tushkunlik hissini kuchaytirishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni pasaytirishi hamda ovqatlanish bilan bog‘liq buzilishlar va mavjud ruhiy muammolarni og‘irlashtirishi ehtimoli bor.
Yevrokomissiya dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, TikTok tavsiyalar algoritmi bilan bog‘liq xavflarni yetarlicha baholamagan va ularni kamaytirish uchun samarali choralar ko‘rmagan.
Kompaniya zararli kontentning takroriy tavsiya qilinishini kamaytirishga qaratilgan ayrim vositalarni joriy etgan bo‘lsa-da, ular kutilgan natijani bermagan. Xususan, foydalanuvchilarga tavsiyalarni boshqarish imkonini beruvchi “Qiziq emas” (Not interested) tugmasi lentadagi kontentni sezilarli darajada o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Regulyator fikricha, algoritm foydalanuvchining videolarni tomosha qilishga sarflagan vaqtiga uning kontent bo‘yicha bildirgan aniq xohish-istaklaridan ko‘ra ko‘proq ahamiyat bermoqda.
Yevrokomissiya TikTok’dan “Siz uchun” lentasi algoritmini o‘zgartirishni, foydalanuvchi qiziqishlarini hisobga olishni, tomosha vaqtini tavsiyalar mezonidan chiqarishni va kontentni boshqarish vositalarini takomillashtirishni talab qilmoqda.
Yevrokomissiyaning dastlabki xulosasi yakuniy qaror emas. TikTok tekshiruv natijalariga javob berish huquqiga ega. Agar qoidabuzarlik tasdiqlansa, kompaniyaga uning og‘irligi va davomiyligiga qarab jarima solinishi va uning miqdori kompaniyaning yillik global aylanmasining 6% igacha yetishi mumkin.
TikTok Yevrokomissiya xulosalarini tanqid qilib, ular platforma faoliyati va foydalanuvchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini noto‘g‘ri aks ettirishini bildirdi. Kompaniya foydalanuvchilarga kontentni boshqarish vositalari taqdim etilayotganini ta’kidladi.
Bu TikTok’ga nisbatan Yevrokomissiyaning birinchi e’tirozi emas. 2026-yil fevral oyida regulyator platformaning cheksiz aylantirish (infinite scroll), videolarni avtomatik ijro etish, push-bildirishnomalar va shaxsiylashtirilgan tavsiyalar kabi foydalanuvchilarda qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan funksiyalarini tekshirib, DSA talablariga zid bo‘lishi mumkinligi haqida dastlabki xulosa chiqargan edi.
O‘sha yilning iyul oyida esa TikTok voyaga yetmaganlar akkauntlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablarni bajarmayotgani yuzasidan ham dastlabki xulosalar e’lon qilingan.
Avvalroq Spot Ozarbayjonda maktab o‘quvchilari uchun TikTok cheklangani haqida yozgandi.
Cheklovlar o‘quvchilarni jinoyatchilik, giyohvand moddalar va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallardan himoya qilishga qaratilgan.