Toshkentda 2026−2027-yilgi isitish mavsumi 9-noyabrdan boshlanadi. Bu haqda poytaxt hokimining tegishli qaroriga tayanib hokimlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Dastlab maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga issiqlik beriladi. Shu kundan boshlab ko‘p kvartirali turar joy binolarini ham isitish tizimiga ulash ishlari boshlanadi.

Issiqlik ta’minoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Isitish uchun to‘lov esa xizmat amalda ulangan kundan boshlab hisoblanadi. Ulanish sanasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan imzolangan ikki tomonlama dalolatnomada qayd etiladi.

Xonadonda issiqlik bir maromda taqsimlanmasa, aholiga uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyasiga murojaat qilish tavsiya etiladi. Chunki bino ichidagi issiqlik taqsimoti va ichki tizimlarning soz ishlashi boshqaruv tashkiloti mas’uliyatiga kiradi.

Issiqlik tarmoqlarida avariya yuzaga kelgan taqdirda, Veolia Energy Tashkent kompaniyasining 1347 yoki (71) 200−00−56 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Shuningdek, @vet_pokazaniya_bot Telegram-boti orqali ham murojaat yuborish mumkin. Bot haftaning barcha kunlari, sutka davomida murojaatlarni qabul qiladi.

Avvalroq Spot noyabrda ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam berilishi haqida yozgan edi. Bir martalik moddiy yordamni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, shuningdek, mahalla yettiligi xulosasi asosida ehtiyojmand deb topilgan oilalar olishlari mumkin.