2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston bank sektorining jami sof foydasi 15,26 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga (10,87 trln so‘m) nisbatan 40,3% ko‘p. To‘qqiz oyda olingan foyda o‘tgan yilning butun davridagi ko‘rsatkichning 98,5% iga yetdi.
Xabar e’lon qilingan vaqtga kelib, deyarli barcha tijorat banklari Yagona korporativ axborot portalida birinchi yarim yillik moliyaviy hisobotlarini e’lon qilgan.
Bankers.uz nashrining yozishicha, tizim sof foydasi o‘sishining katta qismi bitta bank hissasiga to‘g‘ri keldi: Ipoteka bank’ning sof foydasi bir yilda 1,97 trln so‘mga oshdi, bu tizim bo‘yicha o‘sishning 44,9% ini tashkil etadi. Mazkur bankni hisobga olmaganda, qolgan banklar sof foydasi 22,4% ga oshgan.
Mahalliy banklarning aksariyati davlatga tegishli bo‘lib, ular nafaqat tijorat tashkilotlari, balki iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan muassasalar sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu ularga davlat tomonidan katta miqdorda yordam ko‘rsatilishini bildiradi va sof bozor sharoitida ularning rentabelligini xolis baholashni qiyinlashtiradi.
1 trln so‘mdan ortiq sof foyda olgan 5 ta bank eng daromadli bo‘ldi:
- Ipoteka-bank — 2,07 trln so‘m;
- O‘zmilliybank — 1,55 trln so‘m;
- Hamkorbank — 1,48 trln so‘m;
- Kapitalbank — 1,31 trln so‘m;
- O‘zsanoatqurilishbank — 1,2 trln so‘m.
7 ta bank 500 mlrd so‘mdan 1 trln so‘mgacha sof foyda oldi:
- Xalq banki — 837,3 mlrd so‘m;
- Ipak Yuli Bank — 821,7 mlrd so‘m;
- Trastbank — 766,8 mlrd so‘m;
- Orient Finans Bank — 724,6 mlrd so‘m;
- KDB Bank Uzbekistan — 644,6 mlrd so‘m;
- Davr Bank — 566,3 mlrd so‘m;
- InfinBank — 530,6 mlrd so‘m.
10 ta bank 100 mlrd so‘mdan 500 mlrd so‘mgacha foyda ko‘rdi:
- Uzum Bank — 484,9 mlrd so‘m;
- Aloqabank — 409,1 mlrd so‘m;
- Asia Alliance Bank — 316,6 mlrd so‘m;
- Octobank — 266,4 mlrd so‘m;
- Biznesni rivojlantirish banki — 259,5 mlrd so‘m;
- Asakabank — 229,4 mlrd so‘m;
- APEX BANK — 178,9 mlrd so‘m;
- Universalbank — 178,5 mlrd so‘m;
- Agrobank — 170,5 mlrd so‘m;
- ANORBANK — 104,5 mlrd so‘m.
6 ta bank 10 mlrd so‘mdan 100 mlrd so‘mgacha foyda oldi:
- Ziraat Bank — 89,1 mlrd so‘m;
- Hayot Bank — 42,3 mlrd so‘m;
- Tenge Bank — 35,1 mlrd so‘m;
- Turonbank — 34 mlrd so‘m;
- Saderat Bank — 32,7 mlrd so‘m;
- Garant Bank — 20,5 mlrd so‘m.
4 ta bankning sof foydasi 10 mlrd so‘mdan kam bo‘ldi:
- mybank (sobiq Madad Invest Bank) — 7,8 mlrd so‘m;
- Poytaxt bank — 2,6 mlrd so‘m;
- Open Bank — 1,25 mlrd so‘m;
- AVO bank — 454,7 mln so‘m.
To‘qqiz oy yakunida zarar ko‘rgan banklar:
- Mikrokreditbank — 50,4 mlrd so‘m zarar;
- TBC Bank — 69,6 mlrd so‘m zarar.
Avvalroq Spot Markaziy bank tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingini ishlab chiqayotgani haqida yozgan edi. Reyting banklarning aholi va mikro, kichik hamda o‘rta biznesga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish, xizmatlar sifati va qulayligini ta’minlash darajasini baholaydi.