Avvalroq Spot O‘zbekistonda oktabr oyi yakunida iste‘mol narxlarining yillik o‘sishi 6,5% ni tashkil etgani haqida yozgan edi.

Oktabr oyida oylik inflyatsiya 0,6% ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu oyida ham narxlar 0,6% ga oshgan. Yanvar-oktabr oylarida iste’mol narxlari 4,8% ga qimmatlashdi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 5,7% bo‘lgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oktabr oyida 1% ga oshdi. O‘tgan yilning shu oyida o‘sish 0,9% ni tashkil etgan. Yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari 3,9% ga (2025-yilning shu davrida 3%), so‘nggi 12 oyda esa 6,4% ga (5,9%) qimmatlashdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida oktabrda eng ko‘p tuxum narxi ko‘tarildi — 5,2%. Shuningdek, tovuq boldiri va son qismlari 1,6%, qo‘y go‘shti va baliq 1,4%, suyakli mol go‘shti va butun tovuq 1,2%, qiyma 1,1%, sut 1% hamda suyaksiz mol go‘shti 0,9% ga qimmatlashdi. Oliy navli bug‘doy unidan tayyorlangan non narxi 0,7% ga oshdi.

Shu bilan birga, shakar o‘rtacha 2,2% ga arzonlashdi. Mavsumiy omil ta’sirida meva-sabzavot mahsulotlari orasida bir oy davomida limon narxi 15%, uzum 7,5%, olma 3% va banan 1,3% ga pasaydi. Aksincha, baqlajon va bodring 9%, pomidor 8,8%, bulg‘or qalampiri 8,7% va kartoshka 5,3% ga qimmatlashdi.

Yillik hisobda esa qo‘y go‘shti 19,5%, suyaksiz mol go‘shti 17,1%, suyakli mol go‘shti 15,6%, qiyma 14,8% va tuxum narxi 12,7% ga oshgan. Shu bilan birga, baqlajon narxi o‘tgan yilning oktabriga nisbatan 31,6%, bodring 21,2%, uzum 19,7%, banan 6,9% va kartoshka 3,5% ga arzonlashgan.

Xizmatlar

Oktabr oyida pulli xizmatlar narxi 0,6% ga oshdi. O‘tgan yilning shu oyida o‘sish 0,3% bo‘lgan. Yil boshidan xizmatlar narxi 6,3% ga (2025-yilning shu davrida 12,7%), so‘nggi 12 oyda esa 7,3% ga (14,4%) qimmatlashdi.

Ta’lim sohasida xususiy bog‘cha uchun to‘lovlar o‘rtacha 0,6% ga, xususiy maktablarda 0,5% ga va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida 0,1% ga oshdi. Davlat ta’lim muassasalarida narxlar o‘zgarmadi. Repetitorlik xizmatlari 1,6% ga (yillik hisobda +6,3%), chet tillarini o‘rganish kurslari esa 0,8% ga (+5,3%) qimmatlashdi.

Kommunal xizmatlar orasida Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya tariflari oshdi. Respublika bo‘yicha ushbu xizmatlar narxi oy davomida o‘rtacha 4,7% ga (2025-yil oktabriga nisbatan +7,7%) ko‘tarildi. Aholi uchun ko‘mirning bozor narxlari 0,3%, o‘tin narxi esa 0,5% ga oshdi.

Haydovchilarni tayyorlash kurslari, imtihon va haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq xizmatlar 0,8% ga (yillik +7,5%) qimmatlashdi.

Yo‘lovchi tashish xizmatlari orasida Toshkentda yangi tariflar joriy etilishi munosabati bilan metroda yo‘l haqi 26,1% ga oshdi. Poytaxt avtobuslarida tariflarning ko‘tarilishi natijasida mamlakat bo‘yicha shahar avtobuslarida yo‘lovchi tashish narxi o‘rtacha 7,1% ga qimmatlashdi. Taksida yo‘l haqi 1,3% ga oshdi, Toshkentda bu — 2,5%.

Shu bilan birga, so‘mning yevroga nisbatan mustahkamlanishi ta’sirida ichki aviaqatnovlar tariflari 1,4% ga arzonlashdi (yillik hisobda −4,9%). Xalqaro yo‘nalishlarda esa tariflar 0,7% ga oshdi (−2,5%). Shahar atrofidagi poyezdlarda yo‘l haqi 1,4%, uzoq masofaga qatnovchi poyezd chiptalari esa 0,6% ga qimmatlashdi.

Restoran va mehmonxona xizmatlari bir oyda 0,4% ga (+7,4%), maishiy tovarlar va turli xizmatlar 0,4% ga (+6,1%), dam olish, sport va madaniyat xizmatlari 0,3% ga (+3,7%), axborot va aloqa xizmatlari 0,2% ga (+5,9%), sog‘liqni saqlash xizmatlari narxi esa 0,1% ga (+3,1%) oshdi. Sug‘urta va moliyaviy xizmatlar narxi oy davomida 0,2% ga, yillik hisobda esa 44,5% ga ko‘tarilgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i

Oktabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,2% ga qimmatlashdi. Yil boshidan narxlar 4,9% ga, yillik hisobda esa 5,6% ga oshdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 0,4%, 4,4% va 5,8% ni tashkil etgan.

Kiyim-kechak va poyabzal narxlari bir oyda 0,3% ga (2025-yilning oktabriga nisbatan +3,1%), uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika 0,4% ga (+3,2%) qimmatlashdi.

Avtomobil yoqilg‘isi narxlari ham oktabr oyida oshdi. Benzinning o‘rtacha narxi bir oyda 1% ga qimmatlashdi (yillik hisobda +19,5%). Jumladan, AI-92 markali benzin 0,5%, AI-95 2,6%, AI-98 va AI-100 markalari esa 5,3% ga oshdi.

Propan narxi bir oyda 0,4% ga qimmatlashdi, 2025-yilning oktabr oyiga nisbatan o‘sish esa 44,7% ni tashkil etdi. Metan narxida oy davomida o‘zgarish kuzatilmadi (yillik hisobda +10%).

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir litr AI-92 markali benzin narxi 10,5 ming so‘mdan 18 ming so‘mgacha, AI-95 — 13,5 ming so‘mdan 21,5 ming so‘mgacha, AI-98 va AI-100 markalari esa 16,5 ming so‘mdan 28 ming so‘mgacha bo‘lgan. Propanning yuqori narx chegarasi litriga 10 ming so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq Spot Markaziy bank inflyatsiyani 5% ga tushirish muddatini hozircha qayta ko‘rib chiqmayotgani haqida yozgan edi.