Raqobat qo‘mitasi uy-joy sotib olish shartnomalarida muntazam uchraydigan bir qator qonunbuzilishlarni aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yanvar-sentabr oylarida qo‘mitaga aholidan quruvchilar ustidan 1700 dan ortiq shikoyat kelib tushgan. Fuqarolar ko‘pincha uylarning sifati va ularning o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmagani yuzasidan e’tiroz bildirgan.
O’rganishlar yakunlari bo’yicha fuqarolar foydasiga 14,5 mlrd so’m miqdorida qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Murojaatlar asosida qo‘mita 12 ta hududdagi 132 ta qurilish tashkiloti taklif qilayotgan uy-joyni ulushli qurish shartnomalari shartlarini o‘rgandi. Ulardan 17 tasi Toshkentda faoliyat yuritadi, qolganlari esa quyidagicha taqsimlangan:
- Namangan viloyati — 15;
- Navoiy viloyati — 15;
- Toshkent viloyati — 15;
- Buxoro viloyati — 13;
- Surxondaryo viloyati — 13;
- Farg’ona viloyati — 10;
- Xorazm viloyati — 10;
- Andijon viloyati — 10;
- Sirdaryo viloyati — 10;
- Jizzax viloyati — 4;
- Qashqadaryo viloyati — 3.
Hujjatlarni tahlil qilish jarayonida qo‘mita iste’molchilar huquqlarini qonunga zid ravishda cheklaydigan bir qator shartlarga e’tibor qaratdi. Ularning ayrimlari hujjatlarning aksariyatida uchraydi.
Xususan, kompaniyalarning 77,3% i shartnoma bekor qilinganda to‘langan pulni qaytarish muddatini ko‘rsatmagan yoki boshlang‘ich to‘lov muddatiga mos kelmaydigan muddat belgilagan.
Hujjatlarning 63,6% ida uy foydalanishga topshirilgandan keyingi kafolat muddati ko‘rsatilmagan, 54,5% ida esa kafolat muddatida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish majburiyati belgilanmagan. Bundan tashqari, shartnomalarning 59% ida faqat quruvchining manfaatlari aks etgan.
Kompaniyalarning yarmidan biroz ko‘prog‘i shartnomada uyni topshirish muddati buzilganda neustoyka (penya) to‘lashni ko‘rsatmagan, uchdan bir qismi esa qurilishni yakunlashning aniq muddatini belgilamagan. Hujjatlarning qariyb 30% i davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan holda faqat rus tilida tuzilgan. Boshqa qonunbuzilishlar 49,2% holatda qayd etilgan.
Shuningdek, qo‘mita ayrim shartnomalarda xaridor shartnomani bekor qilganda to‘langan mablag‘ning 4−15% ini ushlab qolish, pulni xonadon qayta sotilgandan keyin qaytarish va narxni bir tomonlama oshirish haqidagi bandlar borligini qayd etdi.
Qo‘mita tekshiruv natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarni tegishli idoralarga yubordi. Shuningdek, xaridorlarni xonadon sotib olish shartnomasini imzolashdan oldin uning shartlarini diqqat bilan o‘rganishga va yuristlar bilan maslahatlashishga chaqirdi.
Agar hujjatda qonunga zid yoki iste’molchi huquqlarini buzadigan shartlar aniqlansa, xaridorlarga vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish tavsiya etiladi. “Shartnomani sinchiklab o‘rganish — huquq va manfaatlaringiz himoyasining garovidir”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Avvalroq Spot Toshkentda quruvchiga ekologik zarar uchun qariyb 6 mlrd so’m kompensatsiya hisoblangani haqida yozgan edi.