Yandex Go 10-noyabrdan Market vitrinasini yopib, “Do‘konlar” va Lavka orqali tezkor yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Market vitrinasida tovarlarga 10-noyabrgacha buyurtma berish mumkin. Ushbu sanagacha rasmiylashtirilgan buyurtmalar qayta ishlanib, oluvchilarga yetkaziladi.
Qo‘llab-quvvatlash xizmati foydalanuvchilar va hamkorlarga buyurtmalar hamda servisdan foydalanish bilan bog‘liq masalalarda yordam berishda davom etadi.
Yandex Go orqali oziq-ovqat, elektronika, kosmetika, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa tovarlarni 15 daqiqadan boshlab yetkazib berish bilan buyurtma qilish mumkin bo‘ladi. Market vitrinasida esa yetkazib berish muddati uzoqroq bo‘lgan tovarlarga buyurtma berish mumkin edi.
2024-yilning dekabr oyida Yandex kompaniyasi Yandex Market savdo belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga to‘rtta ariza topshirdi. Ulardan biri Yandex Market, boshqalari Market Yandex Go yozuvini o‘z ichiga oladi.
2025-yil aprelida Yandex Uzbekistan o‘zining Yandex Market elektron savdo maydonchasini ishga tushirgandi. Undan Yandex Go ilovasi yoki market.yandex.uz sayti orqali buyurtma berish mumkin bo‘lgan.
Marketpleysda elektronika, maishiy texnika, uy va ta’mirlash buyumlari, kiyim-kechak, poyabzal hamda go‘zallik vositalari sotilgan. Xizmat Toshkent shahri va qisman Toshkent viloyatida faoliyat yuritgan.
Avvalroq Spot Yandex Uzbekistan yil oxirigacha Toshkentda robotlar orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.