Hukumat texnogen favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Tegishli qaror 2026-yil 3-noyabrda (606-son) qabul qilindi, deya xabar berilmoqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram kanalida.
Nizomga ko‘ra, texnogen favqulodda vaziyatlarga transport avariyalari va halokatlari, kimyoviy hamda yong‘in-portlash xavfi bor obyektlardagi hodisalar, energetika va kommunal tizimlardagi avariyalar, shuningdek, bino konstruksiyalarining to‘satdan buzilishi kiradi.
Jabrlanganlarga yetkazilgan zarar tuman (shahar) hokimligi huzuridagi maxsus jamg‘armadan qoplanadi. Bu tartib sud aybdorlarni aniqlagunga qadar yoki aybdor yuridik shaxslar zararni belgilangan muddatda to‘liq qoplay olmagan hollarda qo‘llanadi.
Jabrlanganlar favqulodda vaziyat yuz bergan kundan boshlab 30 kun ichida belgilangan shakldagi arizani tegishli komissiyaga topshirishi kerak.
Komissiya dalolatnomasi asosida aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari hisobidan bir martalik moddiy yordam to‘lanadi:
- halok bo‘lganlarning oila a’zolariga (turmush o‘rtog‘i, bolalari, ota-onasi va qaramog‘idagi shaxslar) teng ulushda — BHMning 500 baravarigacha (220 mln so‘mgacha);
- og‘ir tan jarohati olganlarga — BHMning 200 baravarigacha (88 mln so‘mgacha);
- o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olganlarga — BHMning 150 baravarigacha (66 mln so‘mgacha);
- yengil tan jarohati olganlarga — BHMning 100 baravarigacha (44 mln so‘mgacha).
To‘lov to‘g‘risidagi qarorni Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qabul qiladi.
Avvalroq “zapravka"larda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirganlik uchun jarima joriy etilgani haqida xabar berilgandi.