4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov O‘zbekistonda shakar importiga yiliga 300 ming tonnalik kvota joriy etilishining oziq-ovqat inflyatsiyasiga ta’siri haqida fikr bildirdi, deya xabar berdi Spot muxbiri. Uning aytishicha, regulyator hozircha ushbu mahsulot bilan bog‘liq jiddiy inflyatsion xavflarni ko‘rmayapti.
Achilovning ta’kidlashicha, shakar narxi oziq-ovqat inflyatsiyasining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilda uning narxi yuqori sur’atlarda o‘smagan va nisbatan barqaror shakllangan. Bu esa shakarning umumiy inflyatsiyaga ta’sirini neytrallashtirgan.
“Shuning uchun hozirgi kunda olib qaraganda, biz shakar bo‘yicha katta risk ko‘rmayapmiz”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank kelgusi yilda ham oziq-ovqat inflyatsiyasi joriy darajaga nisbatan pasayishini kutmoqda. Umuman, inflyatsiya savatchasiga 517 turdagi mahsulot kiritilgan va shakar ham ushbu guruh tarkibida hisobga olinadi.
Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda shakar importiga yillik 300 ming tonna kvota joriy etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berish belgilandi. Kvotaning 100 ming tonnasi ichimliklar, qandolat va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun ajratiladi. Ular elektron auksion orqali taqsimlanishi, tizim esa 1-dekabrgacha ishga tushirilishi kerak.
Mutaxassislar ushbu cheklovlarni tanqid qilib, bu shakar narxining oshishi, ichimlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining xarajatlari ko‘payishi hamda raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning hisob-kitobiga ko‘ra, import cheklanishi davlat budjetining bojxona to‘lovlaridan tushumini yiliga $65 mln ga kamaytirishi mumkin. Yuliy Yusupov esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berish va importni cheklash raqobatni susaytirishini bildirdi.
Shuningdek, biznes-advokat Bektosh Hatamovning fikricha, shakar qimmatlashishi boshqa mahsulotlar narxiga ham ta’sir qilishi, korxonalarning eksport imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (UzBev) yopiq qaror yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Assotsiatsiyaga ko‘ra, cheklov tannarxning oshishiga, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligining pasayishiga va inflyatsiyaning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, u O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasidagi majburiyatlari nuqtai nazaridan savollar tug‘ilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Spot Markaziy bank inflyatsiyani 5% ga tushirish muddatini hozircha qayta ko‘rib chiqmayotgani haqida yozgan edi.