O‘zbekistonda shakar importiga yillik 300 ming tonna kvota joriy etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 417-son qarorida nazarda tutilgan. Hujjat Lex.uz'da e’lon qilinmagan, biroq Spot ixtiyorida mavjud va uning haqiqiyligi ishonchli manba tomonidan tasdiqlangan.

Kvotaning 100 ming tonnasi ichimliklar, qandolat va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun ajratiladi. Kvotalar elektron auksion orqali taqsimlanishi, tizim esa 2026-yil 1-dekabrgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mahalliy shakar zavodlarining O‘zsanoatqurilishbank oldidagi kreditlarini to‘lash muddati besh yilgacha uzaytirilishi, imtiyozli davr esa ikki yilgacha belgilanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xomashyo importi uchun olingan xorijiy valyutadagi kreditlar foiz xarajatlarining 50% igacha, biroq 5 foiz banddan oshmagan qismi qoplab beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarni foyda solig‘idan ozod qilish va mol-mulk solig‘i stavkasini 2031-yil 1-yanvargacha 50% miqdorida belgilash bo‘yicha taklif tayyorlash topshirilgan. Soliq imtiyozlari hisobiga tejalgan mablag‘lar faqat kreditlarni to‘lashga yo‘naltirilishi kerak.

2027-yildan davlat tashkilotlari va korxonalari oq shakarga bo‘lgan ehtiyojini, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisobidan qoplashi belgilangan. Zavodlar mahsulotining barcha hajmi tovar-xomashyo birjasi orqali sotiladi, eksport esa cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.

Qarorda shakar zavodlarining moliyaviy nazoratini kuchaytirish, qarzlarni muddatidan oldin so‘ndirish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish va korxonalar faoliyatini sog‘lomlashtirish choralari ham nazarda tutilgan. Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev zimmasiga yuklatilgan.

Mutaxassislar shakar importiga yillik 300 ming tonna kvota joriy etish rejasini tanqid qildi. Ularning fikricha, bu chora shakar narxining oshishi, ichimlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining xarajatlari ko‘payishi hamda raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin.


Shakar narxi oshishi va budjet tushumlari kamayishi mumkin

Otabek Bakirovning yozishicha, O‘zbekiston 2026-yilda 750−800 ming tonna shakar import qilishi kutilmoqda. Uning fikricha, yiliga 300 ming tonnalik kvota joriy etilishi import hajmining ma’muriy yo‘l bilan ikki yarim baravarga qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Iqtisodchi shakar importini kvotalash avval ham korrupsion tarzda boshqarish usuli bo‘lganini ta’kidladi. Hukumatning yopiq qarorida kvotalashga qaytishni asoslovchi biror dalil ko‘rsatilmagan.

“Demak, bizni nima kutayapti? Iste’molchilar, ayniqsa kambag‘al qatlamlar uchun, shakarning qimmatlashishi. Tadbirkorlar, ayniqsa, ichimlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun biznesning yopilishi va qisqarishi, endigina kirib borilayotgan eksport bozorlarining boy berilishi. Tiyiqsiz chinovniklar uchun — cho‘ntak va sherik shakarchilarning paydo bo‘lishi. Shakarni sun’iy ravishda korrupsion mahsulotga aylantirish qisqa muddatda bir necha korchalonni dollardagi milliarderga aylantiradi”, — dedi u.

Shuningdek, Bakirov shakar importini kvotalash davlat budjetiga ham zarar yetkazishi mumkinligini bildirdi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, import yiliga o‘rtacha 500 ming tonnaga qisqarsa va bir tonna shakar narxi $650 deb olinsa, budjet import bojidan yiliga $65 mln yoki qariyb 770 mlrd so‘m tushum yo‘qotishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, bu ehtimoliy yo‘qotishlar bilan cheklanmaydi. Mahalliy shakar zavodlarining kreditlarini to‘lash muddatlarini uzaytirish, kredit foizlarining bir qismini davlat hisobidan qoplash va soliq imtiyozlari berish ham budjet hamda davlat moliya tashkilotlariga qo‘shimcha yuk bo‘lishi mumkin.

Iqtisodchi mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlarni ham tanqid qildi. Qarorda korxonalarni 2031-yilgacha foyda solig‘idan ozod qilish va mol-mulk solig‘i stavkasini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha taklif tayyorlash, shuningdek, ularning O‘zsanoatqurilishbank oldidagi kreditlarini ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilgacha uzaytirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2031-yil avgustigacha xomashyo xaridi uchun olingan xorijiy valyutadagi kreditlar foiz xarajatlarining yarmini davlat hisobidan qoplash rejalashtirilgan. Bakirovning fikricha, bu choralar davlat budjetiga qo‘shimcha xarajatlar yuklaydi. U shakar narxining oshishi va import bojidan tushumlar kamayishidan tashqari, kreditlar bo‘yicha imtiyozlar hamda soliq yengilliklarining budjetga ta’siri ham hisobga olinishi kerakligini ta’kidladi.

“Mahalliylashtiruvchi shakarchi to‘daning cho‘ntagiga qanaqadir pul oqimlarini burib yuborish uchun, davlatga, iqtisodiyotga, biznesga, iste’molchilarga trillionlab (dollarda yuz millionlab) ziyon keltirish va uyatli yopiq qarorni qabul qilish zaruriyatini izohlay olishmasa, asoslay olishmasa, demak bu qaror bekor qilinishi kerak”, — dedi u.


Shakar ishlab chiqarish — O‘zbekiston sanoat siyosatining ko‘zgusi

Iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda shakar importiga kvotalar joriy etilishini import o‘rnini bosish siyosatining bir qismi sifatida baholadi. Uning fikricha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun importni cheklash va korxonalarga turli imtiyozlar berish raqobatni susaytirib, iqtisodiy samarasizlik va korrupsiya xavfini kuchaytiradi.

Yusupov shakar importiga kvotalar joriy etishni nazarda tutuvchi hujjatga DSP — “xizmatda foydalanish uchun” grifi qo‘yilganiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash siyosatining salbiy oqibatlari jamoatchilikka oshkor bo‘lishini istamaslik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

“Mamlakatimizda 1996-yildan beri olib borilayotgan import o‘rnini bosish siyosati o‘zini shu qadar obro‘sizlantirdiki, endi uni amalga oshirishni yashirishga to‘g‘ri kelmoqda”, — deb yozdi iqtisodchi.

Yuliy Yusupovning fikricha, import o‘rnini bosish siyosati quyidagicha ishlaydi:

  • Loyiha yaratish. Amaldorlar o‘zlariga yaqin tadbirkorlar bilan hamkorlikda muayyan mahsulot ishlab chiqarish loyihasini ishlab chiqadi.
  • Davlat ko‘magini olish. Loyiha davlat dasturlariga kiritilib, soliq, bojxona va kredit imtiyozlari, subsidiyalar hamda boshqa yengilliklar bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, import mahsulotlariga qo‘shimcha to‘siqlar qo‘yiladi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga davlat xaridlarida ustuvorlik beriladi.
  • Imtiyozlar hisobiga faoliyat yuritish. Davlat ko‘magi korxonaning ishga tushishi va faoliyat yuritishiga yordam beradi. Ayrim hollarda imtiyozlar ishlab chiqarishning o‘zidan ko‘ra ko‘proq daromad olish imkonini yaratadi.
  • Imtiyozlarni uzaytirish. Yengilliklar muddati tugagach, korxonalar erkin raqobatga dosh bera olmasligi mumkin. Natijada eski imtiyozlar uzaytiriladi, yangilari beriladi yoki importga qo‘yilgan cheklovlar kuchaytiriladi.

Yusupovning ta’kidlashicha, bu jarayon takrorlanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat ko‘magiga qaramligini kuchaytiradi. Uning fikricha, shakar sanoati ana shunday byurokratik siklning yaqqol misolidir.

“Aynan shu zararli siyosat mamlakatimizdagi qashshoqlik, iqtisodiy samarasizlik va ulkan korrupsiyaning asosiy sababidir”, — dedi u.

Iqtisodchi hukumat quyidagilarni amalga oshirishi kerakligini qayd etdi:

  • ishlab chiqaruvchilarni raqobatbardosh bo‘lishga majbur qiladigan halol va keskin raqobat uchun sharoit yaratish;
  • aholi manfaatlarini himoya qilish (bu “biznes-loyihalar"ning barchasi oxir-oqibat aholining cho‘ntagidan moliyalashtiriladi);
  • nafaqat korrupsioner amaldorlar bilan bog‘langan sanoqli imtiyozli kompaniyalar uchun, balki butun O‘zbekiston biznesi uchun xarajatlar va xavf-xatarlarni kamaytirish.

Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, bozor iqtisodiyotida siyosiy mas’uliyatni his qiladigan hukumat aynan shu ishlar bilan shug‘ullanishi kerak. Biroq hukumat buning aksini qilmoqda: raqobatni yo‘q qilmoqda, monopoliya va korrupsiyaga imkoniyat yaratmoqda. Shu bilan birga, soliq to‘lovchilar va xaridorlar hisobidan amaldorlarning korrupsion daromadlari hamda ularga yaqin tadbirkorlarning foydasi moliyalashtirilmoqda, iqtisodiyot va biznesning raqobatbardoshligini pasaytiradigan soliq, qarz va ma’muriy yukni kamaytirish o‘rniga, u saqlanib qolmoqda va hatto oshirilmoqda.


Eksportda raqobatbardoshlik pasayishi mumkin

Biznes-advokat Bektosh Hatamovning fikricha, import hajmining cheklanishi, avvalo, shakar narxiga ta’sir qiladi. Shakar oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, non, shirinliklar, ichimliklar va konservalar ishlab chiqarishda ishlatilgani sababli uning qimmatlashishi boshqa mahsulotlar narxiga ham ta’sir qilishi mumkin.

“Eng ko‘p daromadining katta qismini oziq-ovqatga sarflaydigan kambag‘al oilalar aziyat chekadi”, — deb yozdi u.

Hatamov ichimlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun shakar asosiy xomashyo ekanini ta’kidladi. Endi xomashyo va mahsulot qimmatlasa, bunday tannarx bilan eksportda raqobatlashish qiyin bo‘ladi va korxonalar qisqara boshlaydi.

U kvotalarni onlayn auksion orqali taqsimlash rejasiga ham e’tibor qaratdi. Uning fikricha, auksionda kvota olish uchun sarflangan mablag‘ mahsulot tannarxiga qo‘shilishi mumkin. Import hajmi sun’iy cheklangan sharoitda shakar olib kirish huquqining o‘zi biznesga aylanib qoladi.

Hatamov kvotalash rejasini mahalliy shakar zavodlarini qo‘llab-quvvatlash choralari bilan bog‘ladi. Biznes-advokat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini inkor etmagan holda, buning xarajatlari iste’molchilar zimmasiga tushmasligi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, Hatamov yuz minglab tadbirkor va millionlab iste’molchiga daxldor qaror yashirincha, e’lon qilinmasdan qabul qilinmasligi kerakligini bildirdi. Bundan tashqari, u qarorning O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni bilan bog‘liq jihatlariga e’tibor qaratib, JST qoidalari importga miqdoriy cheklovlar qo‘yishni taqiqlashini eslatdi.

“Mahalliy zavodlarni raqobatga tayyorlash o‘rniga raqobatning o‘zini yopib qo‘yishmoqda. Bu eng qimmat yo‘l va uning pulini har doimgidek iste’molchi to‘laydi”, — deya xulosa qildi u.