Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi. Unda saraton kasalliklarini erta aniqlash dasturi 2028-yildan butun mamlakatda joriy etilishi haqida xabar berildi.

Uchrashuvda prezident davlat ro‘yxatidan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarga 7 mln so‘mdan ustama to‘lanishi haqida ma’lum qildi.

“Aholi salomatligi bilan bog‘liq sohada aniq tartib, qat’iy nazorat bo‘lishi, bu faoliyat bilan faqat professionallar shug‘ullanishi kerak”, — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi kelasi yil 1-iyuldan yo‘lga qo‘yiladi. Dastlab ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy bo‘ladi, 2030-yildan esa majburiy tus oladi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ro‘yxatdan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarning ish haqiga 7 mln so‘mdan, hamshiralarga esa 3,5 mln so‘mdan ustama to‘lanadi.

Prezident tibbiyotga yangi texnologiyalar, zamonaviy diagnostika va davolash usullari tobora keng kirib kelayotganini qayd etdi.

Shu sababli tibbiyot xodimlari muntazam ravishda o‘z ustida ishlashi, malakasini oshirib borishi va yangiliklardan ortda qolmasligi kerakligini ta’kidladi.

Shu maqsadda xodimlar malakasini oshirishga xususiy sektor ham faol jalb etiladi. Tibbiyot xodimlari malaka oshirish joyini mustaqil tanlashi mumkin bo‘ladi.

Birlamchi tibbiy yordam bo‘g‘ini va tumanlardagi xodimlarning malaka oshirish xarajatlari esa davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.

Qayd etilishicha, ushbu tartib natijasida tumanlarda ishlaydigan 130 ming nafar tibbiyot xodimining har yili 100 mlrd so‘m mablag‘i o‘zida qoladi.

Shuningdek, aholi salomatligi bilan bog‘liq sohada aniq tartib va qat’iy nazorat bo‘lishi, bu faoliyat bilan faqat malakali mutaxassislar shug‘ullanishi lozimligi ta’kidlandi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilib, ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganilgan.

Mutasaddilarga tibbiyot sohasida ta’lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash hamda malaka oshirish tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash topshirildi.


Avvalroq Spot oilaviy shifokorlik bo‘yicha mutaxassislarga 5,5 mln so‘m ustama to‘lanishi haqida yozgandi.