O‘zbekistonda Google Pay va Apple Pay to‘lov xizmatlari ishlay boshladi.
27-oktabr kuni Android foydalanuvchilari uchun Google Wallet, iPhone egalari uchun esa Apple Wallet ilovalarida O‘zbekiston bank kartalarini qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Google Wallet hozirda 9 ta bank — AVO Bank, Octobank, Uzum Bank, TBC Bank, Aloqabank, Kapitalbank, Ipak Yuli bank, O‘zmilliybank hamda Orient Finans Bank tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Apple Wallet ilovasiga esa quyidagi banklarning Visa va Mastercard kartalarini qo‘shish mumkin: Uzum Bank, Orient Finans Bank, O‘zmilliybank, Kapitalbank, Hamkorbank, Ipak Yuli bank, TBC Bank va Octobank.
Ilova ma’lumotiga ko‘ra, ayrim banklar barcha turdagi kartalarni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Ro‘yxatga yangi banklar qo‘shilishi bilan ma’lumotlar yangilanadi. Muayyan kartaning mosligini aniqlash uchun esa bankka murojaat qilish tavsiya etiladi.
Xizmatdan foydalanish uchun mos bank kartasini ilovaga qo‘shish kerak. Kontaktsiz to‘lovlar uchun esa smartfon NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi lozim.
19-oktabr kuni Google O‘zbekistonda Google Pay to‘lov xizmati ishga tushirilayotganini e’lon qildi. Bu haqda Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida o‘tkazilgan Raqamli texnologiyalar panel sessiyasida ma’lum qildi.
“Menimcha, O‘zbekiston raqamli sohani tartibga solishda ilg‘or davlatlardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, — dedi u.
Undan keyin Turizm qo‘mitasi Google Pay ishga tushganini, Apple Pay esa tez orada ishga tushirilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Apple Pay xizmatini ishga tushirish bo‘yicha Markaziy bank, tijorat banklari hamda Humo va Uzcard tomonidan texnik ishlar olib borilgan.
Joriy yil 26-mart kuni prezident “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari abonentlari ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa ma’lum shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlash mumkin.
Iyul oyida O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov xizmatlarini ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida xizmatlarni ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq ular aynan shu oyda ishga tushirilishi ko‘zda tutilmagan.
Undan keyin Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Apple Pay va Google Pay xizmatlari yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligini Spot’ga ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, tijorat banklari, Humo va Uzcard bilan birgalikda xizmatlarni texnik integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Markaziy bank biometrik ma‘lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etgani haqida yozgan edi.