O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirildi, Apple Pay xizmati esa tez orada ishga tushiriladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita Google tomonidan ishga tushirilgan to‘lov xizmati orqali mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar smartfon orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishi mumkinligini qayd etdi.

Yaqin kunlarda Apple Pay xizmatining ham ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu boradagi texnik ishlar Markaziy bank, tijorat banklari hamda Humo va Uzcard tomonidan olib borilmoqda.

Turizm qo‘mitasi maqsad chet ellik sayyohlarga O‘zbekistonda ham “o‘zlari ishongan va xavfsiz deb bilgan” to‘lov vositalaridan foydalanish imkonini berish ekanligini qayd etdi. Shu bilan birga, bu naqd pul va xalqaro bank kartalariga bog‘liqlikni kamaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, Xitoy va Hindiston to‘lov tizimlarini milliy infratuzilmaga integratsiya qilish ishlari davom etmoqda. Avgust oyida Humo infratuzilmasida Alipay+ to‘lov shlyuzi ishga tushirildi. Endilikda Alipay va unga ulangan elektron hamyonlar foydalanuvchilari, jumladan, xitoylik sayyohlar O‘zbekistonda UZQR orqali to‘lovlarni amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, Humo va Hindistonning NPCI International kompaniyasi UZQR hamda UPI tizimlarini birlashtirish bo‘yicha amaliy masalalarni muhokama qildi. Loyiha amalga oshirilsa, hindistonlik sayyohlar mahalliy savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida o‘zlari foydalanadigan ilovalar orqali QR-kodni skanerlab to‘lov qilishi mumkin bo‘ladi.

19-oktabr kuni Google O‘zbekistonda Google Pay to‘lov xizmati ishga tushirilayotganini e’lon qildi. Bu haqda Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski ma’lum qildi.

“Menimcha, O‘zbekiston raqamli sohani tartibga solishda ilg‘or davlatlardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, — dedi u.

Bu haqda u Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi C5+1 formatidagi tadbirlar doirasida o‘tkazilgan Raqamli texnologiyalar panel sessiyasida e’lon qildi.

Joriy yil 26-mart kuni prezident “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari abonentlari ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa ma’lum shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlash mumkin.

Iyul oyida O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov xizmatlarini ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida xizmatlarni ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq ular aynan shu oyda ishga tushirilishi ko‘zda tutilmagan.

Undan keyin Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Apple Pay va Google Pay xizmatlari yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligini Spot’ga ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, tijorat banklari, Humo va Uzcard bilan birgalikda xizmatlarni texnik integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.