O‘zbekistonda xalqaro Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlarini ishga tushirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Regulyatorning bildirishicha, hozirda Apple Pay va Google Pay xizmatlarini ishga tushirish uchun texnik ishlar amalga oshirilmoqda.
Vaziyatdan xabardor Spot manbasining ma’lum qilishicha, sentabr oyida ikkala xizmatni ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar va muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biroq xizmatlarning aynan shu oyda ishga tushirilishi ko‘zda tutilmagan.
Joriy yil 26-mart kuni prezident “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari abonentlari ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa ma’lum shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlash mumkin.
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov qonunchilikdagi to‘siq olib tashlangani Apple Pay va Google Pay xizmatlari darhol ishga tushishini anglatmasligini tushuntirdi.
Uning ta’kidlashicha, yangi qonun faqat shaxsiy ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish mumkin bo‘ladigan shartlarni belgilab berdi. Biroq buning uchun yana bir nechta qonunosti hujjatlarini qabul qilish zarur. Xususan, shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qiladigan davlatlar ro‘yxati, standart shartnoma talablari hamda ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha xalqaro standartlar ro‘yxati tasdiqlanishi kerak. Qonun qabul qilinganiga uch oy bo‘lganiga qaramay, ushbu hujjatlarning birortasi hali tasdiqlanmagan.
“Ushbu bandlar amalga oshirilmaguncha, shaxsiy ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish huquqiy jihatdan noaniq bo‘lib qoladi”, — deb yozdi u.
Bundan tashqari, uning fikricha, barcha me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilganidan keyin ham O‘zbekistonni Apple Pay yoki Google Pay’ning rivojlantirish rejasiga kiritish kompaniyalarning ichki qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar faqat huquqiy imkoniyat yaratadi, biroq kompaniyalarning bozorga kirishidan manfaatdor bo‘lishini kafolatlamaydi.
Shu bilan birga, blogerning qayd etishicha, mamlakatda kontaktsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun texnik infratuzilma allaqachon tayyor. NFC’ni qo‘llab-quvvatlaydigan terminallar do‘konlar, dorixonalar, kafelar va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida allaqachon odatiy holga aylangan.
Shaxsiy ma’lumotlar masalasi
Prezident o‘tgan yilning noyabrida AQSHga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat kompaniyalari bilan raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini maʼlum qilgandi.
2024-yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal, UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi. Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangandi.
2025-yilning avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, MyTaxi va Express24 asoschisi Akmal Paizievning fikricha, bulutli xizmatlarning yo‘qligi hamda infratuzilma muammolari sababli iste’dodli startaplar qo‘shni davlatlarga chiqib ketmoqda, xorijiy kompaniyalar esa mamlakat bozorini chetlab o‘tmoqda.
Avvalroq Spot jamoat xavfsizligi tizimida dronlar va IT bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi haqida yozgan edi.