Hukumat qarori bilan kasbiy ta‘lim tashkilotlari direktorlari va ularning o‘rinbosarlarini menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi tasdiqlandi.
Nizom kasbiy ta‘lim tashkilotlari direktorlari va direktor o‘rinbosarlarini menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga sertifikat berish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, texnikumlarda faoliyat yuritayotgan direktorlar va ularning o‘rinbosarlari menejerlik sertifikatini oladi. Buning uchun ular maxsus portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘quv kursida o‘qish uchun ariza topshiradi.
Menejerlik o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlarga davlat namunasidagi sertifikat elektron shaklda beriladi. Hujjat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanib, unga QR-kod qo‘yiladi.
Yakuniy sinovda ijobiy natijaga erishgan tinglovchiga natijalar e‘lon qilingan kundan boshlab bir hafta ichida o‘quv tashkiloti rahbarining buyrug‘i asosida sertifikat beriladi.
Ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega direktorlar va ularning o‘rinbosarlariga esa sertifikat ularning arizasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uch yil muddatga beriladi.
Spot, avvalroq, OTMlarda yangi o‘quv yili qachon boshlanishi ma‘lum qilingani haqida yozgandi.