Eski avtomobilni yangilashda avtokredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi

Trade-in dasturi doirasida eski avtotransport vositasini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi avtomobil xarid qilish uchun olingan avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

Mazkur amaliyot aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida joriy etiladi. Biroq, dasturning amalda ishga tushirilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Hukumat hali tizimning ish boshlashi haqida rasman xabar bermadi.


Banklardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz xorijiy valyuta sotib olish limiti oshiriladi

May oyi boshida Markaziy bank boshqaruvi va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tegishli qarori Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ichki nazorat qoidalariga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlarga ko‘ra, fuqarolar banklarda pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatni taqdim etmasdan $500 gacha naqd chet el valyutasini sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Amalda bu limit $100 ni tashkil etardi. Yangi tartib esa 9-avgustdan boshlab kuchga kiradi.


O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l ishga tushadi

Shavkat Mirziyoyev Urganch va Xivani bog‘lovchi ilk pulli avtomobil yo‘li kelgusi oy foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, loyiha nafaqat viloyat aholisi, balki mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun ham muhim infratuzilmaga aylanadi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 35 kilometrlik yo‘l qurilishining 80% yakunlangan. Loyiha doirasida 15 ta ko‘prik, bitta tonnel, beshta yerosti o‘tish yo‘lagi va 101 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan.


O‘zbekistonda qora metall aylanmasi E-lom orqali nazorat qilinadi

13-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev raisligidagi qora metallurgiya sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40% ini ikkilamchi metaldan, 60% ini import hisobidan ishlab chiqarishi qayd etildi. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.

Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinishi ma’lum qilindi. Qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta‘minlash, sohada ta‘sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun Hukumatda alohida loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ushbu ofis metall mahsulotlari bozorini kunlik tahlil qiladi, xomashyo va tayyor mahsulotga talab va taklifni shakllantiradi, mahsulot sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi aks etadigan raqamli pasportni yuritadi.

Mutasaddilarga bir oyda loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 1-avgustdan E-lom elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.


Jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali beriladi

1-avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqishga ruxsat faqat Jarima maydonchasi axborot tizimi orqali QR-kod bilan elektron shaklda beriladi.

Ichki ishlar vazirligi Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida mazkur tizimni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.

Natijada jarima maydonchasiga joylashtirilgan transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar — transport markasi, davlat raqami, maydonchaga kiritilgan va chiqarilgan vaqti, undirilgan to‘lov va boshqalar soliq tizimida avtomatik shakllanadi.

Shuningdek, unga qonunbuzarlik uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning rekvizitlari ham kiritiladi.


Bankomatdagi muammolar uchun banklarga jarima qo‘llanadi

6-avgustdan bankomatlardan foydalanishda mijozlarga xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan banklarga moliyaviy jarimalar qo‘llanadi. Bu Markaziy bank tayyorlagan yangi me’yoriy hujjatda nazarda tutilgan.

Regulyator banklardan to‘lov infratuzilmasi sifatini oshirishni hamda naqd pul yechib olishdagi nosozliklarni texnik muammo emas, balki iste’molchilar huquqlarining ehtimoliy buzilishi sifatida ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

2025-yilda bankomatlar bilan bog‘liq 291 mingta muammoli holat qayd etilgan bo‘lib, ularning qariyb 15 foizi banklar va to‘lov tizimlari operatorlari faoliyati bilan bog‘liq.


O‘zbekistonda mushuk va itlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etiladi

7-avgustdan O‘zbekistonda hayvonlarni majburiy identifikatsiya qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun kuchga kiradi. Ular quyidagi muddatlarda identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi kerak:

  • qoramol, ko‘y, echki va tuyalar — tug‘ilganidan 14 kundan keyin;
  • otlar — tug‘ilganidan 4 oydan keyin;
  • cho‘chqalar tug‘ilganidan — 1 oydan keyin;
  • itlar va mushuklar — tug‘ilganidan 3 oydan keyin.

Hayvonlar va ularning egalari haqidagi ma’lumotlar yagona elektron bazada saqlanadi.

Biroq hayvon egalarining ularni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati hamda ro‘yxatdan o‘tmagan hayvonlarni saqlashni taqiqlovchi talablar faqat 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.


Baliqchilik xo‘jaliklariga quyosh panellari va uskunalar uchun subsidiya beriladi

1-avgustdan 2030-yil 1-avgustgacha baliqchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham joriy etiladi.

Xususan, quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi, 50 kVtgacha quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlarining 25%i subsidiya qilinadi hamda muqobil energiya manbalari bilan jihozlangan aeratorlarni xarid qilish xarajatlarining 50%i qoplanadi.

Bundan tashqari, naslli ona baliq importi, yopiq suv aylanma tizimi texnologiyasini joriy etish hamda intensiv usulda baliq yetishtirish uchun omuxta yem ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Xorijdan jalb etilgan ixtiolog va baliq kasalliklari bo‘yicha mutaxassislar ish haqi xarajatlarining 50%i ham kompensatsiya qilinadi.


Baliqchilik korxonalariga kredit kompensatsiyasi va kafillik beriladi

2030-yil 31-avgustgacha baliqchilik sohasidagi tadbirkorlarga kredit foizlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi, kreditlarning 50% gacha (10 mlrd so‘m ekvivalentigacha) kafillik beriladi.

Bundan tashqari, tijorat banklari xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan baliqchilik korxonalariga 24 oygacha muddatga, 9 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 18% stavkada kreditlar ajratadi.

Shuningdek, chorvachilik loyihalari uchun amal qilayotgan imtiyozli kreditlash tartibi naslli baliq yetishtirishni ham o‘z ichiga olgan baliqchilik loyihalariga tatbiq etiladi.


Sanoat bog‘lari uchun suv solig‘i stavkasi 1 so‘m etib belgilanadi

1-avgustdan boshlab suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘larda burg‘ilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 so‘m etib belgilanadi. Ushbu imtiyoz besh yil muddatga — 2031-yilning 1-avgustigacha amal qiladi.


Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalarda gaz ta’minoti to‘xtatiladi

Hukumat qarori bilan Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan yangi cheklovlar belgilandi.

1-avgustdan esa amaldagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi, gaz ta’minoti shartnomalari bekor qilinadi. Issiqxonalar iste’mol qiladigan suv uchun to‘lovlar sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tarifning 5 baravari miqdorida undiriladi.

Shuningdek, ko‘mir, shina, mazut, bitum, rezina, plyonka va shunga o‘xshash materiallarni yoqish oqibatida atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshiriladi. Bunday holatlarda ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Ekologik talablarga rioya etmaydigan issiqxona xo‘jaliklari ayrim davlat subsidiyalari, imtiyozlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalana olmaydi. Shuningdek, ularga ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi berilmaydi yoki avval berilgan xulosaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatiladi.

Bunda ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga seleksiya, urug‘ va ko‘chatlarni ko‘paytirish hamda xorijiy navlarni mahalliy iqlimga moslashtirish kabi ilmiy maqsadlarda, ekologik talablarga rioya qilgan holda, istisno tariqasida mavjud issiqxonalardan foydalanishga ruxsat beriladi.


Birjaning ayrim savdo seksiyalarida suyultirilgan gaz xaridi litsenziya asosida amalga oshiriladi

O‘zenergoinspeksiya manfaatdor idoralar bilan birgalikda 1-avgustgacha avtomobillarga yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida dispenserlardan ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish va yuritishga qaratilgan axborot tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi belgilangan.

Shuningdek, avgustgacha Respublika tovar-xom ashyo birjasining elektron savdo tizimi Litsenziya axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi. Natijada alohida birja savdo seksiyalarida suyultirilgan gazni faqat uni sotish uchun amaldagi litsenziyaga ega xo‘jalik yurituvchilar xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunda texnologik jarayonlar yoki o‘z ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazdan foydalanadigan, uni qabul qilish, saqlash va tarqatish uchun zarur moddiy-texnik bazaga ega korxonalar ham inspeksiya taqdim etadigan ro‘yxat asosida alohida savdo seksiyalarida gaz xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi.


Meva-sabzavot eksportida yangi nazorat tizimi joriy etiladi

1-avgustdan ayrim tumanlarda meva-sabzavot eksportini rivojlantirish uchun jamoatchi fitosanitariya inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ular karantin inspektorlariga ichki fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirishda yordam beradi. Yangi tizim mahsulot sifatini oshirish, xavfsizlik talablariga moslashtirish va eksport jozibadorligini kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, avgust oyidan eksport qilinadigan meva-sabzavotlarning pestitsid va nitrat qoldiqlari bo‘yicha talablarga muvofiqligini tekshirishning yangi tartibi joriy etiladi. Buning uchun ikki usuldan birini qo‘llash mumkin bo‘ladi:

  • ekin maydoni va hosil hajmidan kelib chiqib, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ijobiy xulosa;
  • Agroko‘makchi xizmati orqali “dala daftari"ga yetishtirish davrida pestitsidlardan foydalanish to‘g‘risida muntazam kiritib borilgan ma‘lumotlar asosidagi hisob-kitob.

Soliq organlari mijozlarga yo‘naltirilganlik bo‘yicha baholanadi

1-avgustdan boshlab soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi.

Buning uchun Soliq qo‘mitasi ushbu indeksni aniqlash metodologiyasini ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak. Soliq organlarining mijozga yo‘naltirilganlik indeksini hisoblash natijalari rasmiy saytda e’lon qilib boriladi.

Unga ko‘ra, soliq to‘lovchilarga soliq xizmatlaridan foydalanish qulayligi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, soliq majburiyatlarini bajarishga sarflanadigan vaqt hamda soliq organlari bilan hamkorlik darajasini baholash imkoniyati yaratiladi.


Xavfli ishlab chiqarish obyektlari haqidagi foto va videoxabarlar uchun mukofot beriladi

Xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalardan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqida foto yoki videomateriallar yuborish hamda bunday xabarlarni taqdim etgan fuqarolarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi. Xabarlar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga yuboriladi.

Taqdim etilgan materiallarda huquqbuzarlikning mohiyati aniq ko‘rinishi, shuningdek, sodir etilgan joy, sana va vaqt haqidagi maʼlumotlar bo‘lishi lozim. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi masʼul xodimi axborot tizimi orqali kelib tushgan materiallarni 3 ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganadi.

Shundan so‘ng, qonunchilikka muvofiq maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, dalillar rasmiylashtiriladi hamda tegishli qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarlik haqida foto yoki video yuborgan shaxs undirilgan jarimaning qo‘mitaga o‘tkazilgan qismining 20% miqdorida pul mukofoti oladi.


Mehnat nizolarini ko‘ruvchi ixtisoslashgan sudyalar ish boshlaydi

Oliy sud rayosati qaroriga ko‘ra, ular fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda amaldagi shtatlar doirasida faoliyat yuritadi. Ixtisoslashgan sudyalar Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda ayrim tumanlararo va shahar sudlarida ishlaydi.

1-avgustdan keyin sudga kelib tushadigan mehnat nizolari aynan ushbu sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi, undan oldin qabul qilingan ishlar esa avvalgi tartibda ko‘rib chiqiladi.


Go‘shtni samolyotda tashish bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytiriladi

Prezident inflyatsiyani jilovlash bo‘yicha yig‘ilishda go‘sht narxining oshishi muhokama qilinib, go‘shtni samolyotda olib kelish xarajatlarini qoplash bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytirilishini ma’lum qildi.

Amalda bu 1-avgustgacha etib belgilangan bo‘lib, u go‘sht importi uchun havo tashuvi xarajatining 50%i (1 kg uchun $0,8 gacha), nasldor qoramol importiga 10% (har boshiga 4 mln so‘mgacha) miqdorida subsidiya berishni nazarda tutadi.

Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha $50 mln ajratiladi. Mablag‘lar hisobidan chorva komplekslari va naslli qoramolchilik loyihalariga 10 yil muddatga, 10% stavkada imtiyozli kreditlar beriladi. Yil oxirigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish rejalashtirilgan.


Yosh fermerlarga ikki yil bepul buxgalteriya xizmati ko‘rsatiladi

Tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga ikki yil davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Mazkur imtiyoz a’zolik badallari to‘langan hamda paxta va g‘alla yetishtirishidan qat’i nazar barcha fermerlarga tatbiq etiladi.


Tadbirkorlarni tekshirishda Biznes himoya QR-kodi joriy etiladi

1-avgustdan tadbirkorlarni tekshirish va ular bilan nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida hisobga olinadi. Buning uchun “Biznes himoya” QR-kodi joriy etiladi.

Shu sanadan boshlab tadbirkorlarni tekshiradigan yoki ular bilan muloqot qiladigan davlat xizmatchilari tizimning mobil ilovasidan foydalanishi majburiy bo‘ladi. Tekshiruvni boshlashdan oldin ular tadbirkordagi QR-kodni skanerlab, tekshiruvni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

Bundan tashqari, tekshiruv huquqini beruvchi maxsus guvohnomalar faqat elektron shaklda yuritiladi, qog‘ozdagi tekshiruvlar kitobi bekor qilinadi. Agar tekshiruv yoki muloqot haqidagi ma’lumot tizimga kiritilmasa, tadbirkor davlat xizmatchisini o‘z hududiga kiritmaslik va u bilan muloqot qilmaslik huquqiga ega bo‘ladi.


Deputatlarga Tashabbusli budjetda qo‘shimcha g‘oliblarni tanlash vakolati beriladi

Prezidentning 29-iyundagi qaroriga ko‘ra, 1-avgustdan Tashabbusli budjet jarayonida deputatlarning loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Yangi tartibga muvofiq, har bir deputat “Ochiq budjet” axborot portalida o‘ziga ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihani tanlab, ularni qo‘shimcha g‘olib sifatida belgilashi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, deputatning vakolati muddatidan oldin tugatilsa, uning saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘olib loyihalar Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga asosan boshqa deputatlar tomonidan aniqlanadi.


Davlat arxivlarining asosiy xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi

Davlat arxivlarining qator funksiyalari to‘liq raqamli shaklda amalga oshiriladi. Jumladan, Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yig‘majildlar ro‘yxatini tuzish va tasdiqlash, arxiv hujjatlarini qabul qilish hamda foydalanishga berish jarayonlari elektron shaklga o‘tkaziladi.

Shuningdek, tashkilotlar qayta tashkil etilganda arxiv hujjatlarini huquqiy vorisga topshirishni davlat arxivlari bilan kelishish hamda davlat arxivlariga hujjat topshirishi shart bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yagona ro‘yxatini shakllantirish ham raqamlashtiriladi.


Parrandachilik loyihalariga 10% stavkada 10 yilgacha imtiyozli kredit beriladi

1-avgustdan parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda “tayyor biznes” loyihalarini moliyalashtirish uchun tadbirkorlarga kreditlar ajratiladi.

Mablag‘lar Mikrokreditbank orqali yillik 10% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha beriladi.


Soliq organlari xodimlari har uch yilda kamida bir marta malaka oshiradi

Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida soliq organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta malaka oshirishi tizimi joriy etiladi.


Toshkent va Izmir o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi

Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi 1-avgustdan Izmir-Toshkent-Izmir yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Reyslar haftasiga to‘rt marta Boeing 737−800 samolyotlarida amalga oshiriladi.

SunExpress O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi hamda kelgusida Farg‘ona vodiysi aeroportlariga ham parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.


Etihad Airways ham Abu-Dabi bilan Toshkentni bog‘laydi

Etihad Airways Abu-Dabi-Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslarni 10-avgustdan yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar har kuni Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Aviakompaniya saytidagi ma‘lumotlarga ko‘ra, parvozlar quyidagi jadval asosida bajariladi:

  • Abu-Dabidan uchib ketish — 21:10, Toshkentga qo‘nish — 1:35;
  • Toshkentdan uchib ketish — 3:35, Abu-Dabiga qo‘nish — 6:25.

Abu-Dabidan bir tomonga chipta narxi 385 dirhamdan (hozirgi kurs bo‘yicha 1 259 242,6 so‘m), Toshkentdan esa 122 yevrodan (1 675 201,52 so‘m) boshlanadi.