Endilikda bankdan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz $500 gacha xorijiy valyutani olish mumkin bo‘ladi. Bu bo‘yicha idoraviy hujjat 8-mayda Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan (ro‘yxat raqami 2886−12) o‘tkazildi.
Mijozlar bankdan $500 gacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatlarsiz olishlari mumkin.
Amaldagi tartib bilan ushbu limit $100 ni tashkil etadi. Yangi tartib hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qaror loyihasi joriy yilning mart oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.
Hujjat tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari ga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladigan $100 limiti $500 gacha oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Taʼkidlanishicha, bu aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Spot Ozarbayjonning ABB banki Davr Bank‘ning 51% ulushini sotib olishi haqida yozgan edi.